Texnologik hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi
“O‘zbekiston neft va gaz – OGU-2025” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida Rossiyaning Neft va gaz texnologik tashabbuslari instituti (INTI) tomonidan xalqaro “Texnologik kun” konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir “Texnologik suverenitet ekotizimi: vositalar va xalqaro hamkorlik” mavzusida tashkil etilib, unda yoqilg‘i-energetika sohasida ilg‘or texnologiyalar, xalqaro hamkorlik, standartlashtirish va muvofiqlikni baholash masalalari muhokama qilindi.
Konferensiya doirasida INTI tomonidan taqdim etilgan sessiyada texnologik suverenitetni ta’minlash uchun yoqilg‘i-energetika kompleksida yaratilayotgan ekotizimlar, neft va gaz sohasidagi xalqaro hamkorlik formatlari, muvaffaqiyatli qo‘shma loyihalar, O‘zbekistonda INTI standartlarini joriy etish, mahalliy uskuna ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirish, raqamli yechimlar, sinov infratuzilmasini birlashtirish, inspeksiya va qurilish nazorati bo‘yicha innovasion yondashuvlarga bag‘ishlangan mavzular yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” AJ bilan hamkorlikda neft-gaz sohasida standartlashtirish va muvofiqlikni baholash jarayonlarini rivojlantirish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi. INTI tomonidan qazib chiqarish, qayta ishlash, bosim ostida ishlovchi apparatlar, nasos uskunalari, avtomatlashtirish va boshqa yo‘nalishlarga oid ishlab chiqilgan texnik standartlarni O‘zbekiston hududida tadbiq etish masalasi ham muhokama qilindi.
Tadbir doirasida INTI, “O‘zlitineftgaz” AJ va “VNIINEFTEMASH” AJ o‘rtasida gazni dastlabki tayyorlashga mo‘ljallangan qurilmalar loyihasi bo‘yicha qo‘shma konstruktorlik byurosi tashkil etilgani va bu borada amalga oshirilayotgan tizimli ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Mazkur konferensiya O‘zbekiston va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi texnologik hamkorlikni mustahkamlash, sanoat xavfsizligi va texnik suverenitetni ta’minlashda muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.