“O‘zbekneftgaz” xodimasi Milliy kadrlar zaxirasiga kiritildi
Avval xabar berilganidek, “Rahbar ayollar maktabi” maxsus o‘quv kurslarining 4-mavsumida “O‘zbekneftgaz” AJ Biznesni istiqbolli rivojlantirish departamenti Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Sevara Ibragimova ham ishtirok etdi.
Ma’lumki, Prezident Farmoniga asosan tashkil etilgan ushbu loyiha mamlakatimizda faoliyati ijobiy, tashabbuskor, o‘z sohasi bo‘yicha bilim, tajriba va yetarli ko‘nikmalarga ega yetakchi ayollarni qo‘llab-quvvatlash va ular imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida joriy mavsumda tashkil etilgan o‘quv kurslarida yurtimiz bo‘ylab bir necha bosqichli tanlov asosida saralangan 100 nafar ayol qatnashdi. 12 haftaga mo‘ljallangan o‘quv dasturida yuqori malakali ekspertlar ishtirokida auditoriya mashg‘ulotlari, mahorat darslari, stajirovka amaliyoti, loyiha ishini tayyorlash va uni himoya qilish bosqichlari qamrab olindi.
Mavzular asosan davlat xizmatida faoliyat yuritayotgan rahbar ayollarning strategik fikrlash, tadbirkorlik, moliyaviy savodxonligini rivojlantirish, tizimli tahlil, sun’iy intellekt asoslari va loyihalarni qo‘llash, muammolarni manzilli hal etish bo‘yicha ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan.
Dastur yakuni bo‘yicha o‘quvlarni eng muvaffaqiyatli yakunlagan xotin-qizlar xorijiy davlatlarning nufuzli universitetlari, ilmiy markazlari va kompaniyalarida malaka oshirishga jalb etilmoqda. Bugungi kunga qadar 4-mavsumning 11 nafar tinglovchisi Turkiya, Vengriya, Italiya, Singapur davlatlarida stajirovka o‘tadilar.
Eng muhimi, tinglovchilar Milliy kadrlar zaxirasiga kiritildi va hozirda tegishli vazirlik va idoralar bilan zaxiradagi xotin-qizlarni davlat fuqarolik xizmatidagi yuqori turuvchi lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.