October 15

“Oʻzbekneftgaz” burgʻilash jarayoniga yangi texnologiyalarni joriy etishni boshladi

Amaldagi burgʻilash jarayonlarida quduqlar asosan vertikal konstruksiyaga ega boʻlib, soʻnggi yillarda aniqlangan konlarning murakkab geologik tuzilishi yangi turdagi quduq konstruksiyalarini qoʻllanishini taqozo etmoqda.

Jumladan, Ustyurt mintaqasidagi konlarga xos boʻlgan murakkab geologik tuzilish, tektonik buzilishlar, kollektorlarning notekis tarqalishi, linzasimon kollektorlarning mavjudligi hamda gaz va suv qatlamlarning bir-biriga yaqin joylashganligi burgʻilash va quduqlarni ishlatish jarayonlarida qator texnik muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bu jarayonda geologik-texnik tadbirlar, yaʼni yangi konstruksiyadagi chuqur quduqlarni burgʻilashda zamonaviy yondashuv hamda ilgʻor texnologiyalar joriy etishni davrning oʻzi taqazo etmoqda.

Ushbu muammolarni hal etish maqsadida “Oʻzbekneftgaz AJ” AQSHning “Shlyumberje” va Xitoyning CNPC tarkibidagi “SIBU” kompaniyalari bilan hamkorlikda qiya yoʻnaltirilgan va gorizontal quduqlarni burgʻilash takliflarini oʻrganmoqda. Hozirda quduqlarni burgʻilash uchun moʻljallangan maydonlar, maqsadli qatlamlar, quduqlarning trayektoriyalari hamda yangi turdagi konstruksiyalar koʻrib chiqilmoqda.

Qayd etish joizki, zamonaviy burgʻilash amaliyotida asosiy maqsad nafaqat mahsuldor qatlamga yetib borish, balki uning eng istiqbolli qismini maksimal darajada ochish va qatlam bilan samarali gidrodinamik aloqani taʼminlashdan iborat. Bu jarayonda eng asosiy eʼtibor qiya yoʻnaltirilgan va gorizontal quduqlarni burgʻilashda geonavigatsiya, rotorli boshqaruv (RSS), trayektoriyani nazorat qilish tizimi (MWD) va burgʻilashda karotaj (LWD) kabi ilgʻor texnologiyalarni oʻz ichiga oladi.

Eʼtiborli jihati, geonavigatsiya texnologiyasi burgʻilash jarayonida geologik maʼlumotlar asosida quduq trayektoriyasini real vaqt rejimida nazorat qilish va boshqarish, shuningdek, mahsuldor qatlam chegaralaridan chiqib ketish xavfini kamaytirishga xizmat qiladi. Ushbu texnologiyalarni qoʻllash natijasida murakkab geologik tuzilishga ega mahsuldor qatlamlarni samarali ochish va uglevodorod zaxiralarini oʻzlashtirish imkoniyatlari yanada kengayadi.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, yangi texnologiyalar asosida burgʻilanadigan quduqlarda sutkalik gaz qazib olish hajmini vertikal quduqlarga nisbatan 50-60 foizgacha oshirish mumkin.

Ayni damda “Shlyumberje” kompaniyasi tomonidan quduqlarning joylashuvi, trayektoriyasi va konstruksiyalarini oʻz ichiga olgan umumiy texnik takliflar ishlab chiqilmoqda. Bular asosida kompaniya bilan hamkorlikda 3 ta quduqni qiya yoʻnaltirilgan, gorizontal va mavjud quduqdan yon oʻzan ochish orqali burgʻilash maqsad qilingan.

Shuningdek, Xitoyning top uchlikka kiruvchi CNPC korporatsiyasi tarkibidagi “SIBU” kompaniyasi tomonidan ham bu yoʻnalishda tegishli takliflar tayyorlanmoqda.

Bu choralar kelgusida burgʻilash jarayonlariga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish orqali gaz zaxiralarini samarali oʻzlashtirish va yangi texnologiyalarni sohaga keng jalb etishga xizmat qiladi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Axborot xizmati