“O‘zbekneftgaz” dekarbonizatsiya yo‘nalishida xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda
“O‘zbekneftgaz” AJ va Shveysariyaning Vema S.A. kompaniyasi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi ishchi uchrashuvda kompaniyaning dekarbonizatsiya dasturi doirasida amalga oshirayotgan loyihalari muhokama qilindi. Tomonlar loyihalarning joriy holati va keyingi amaliy qadamlar yuzasidan o‘zaro kelishib oldilar.
Asosiy e’tibor metan chiqindilarini aniqlash va bartaraf etish (LDAR) dasturining birinchi va ikkinchi bosqichlari, shuningdek, quyosh elektrostansiyalari va sanoat energiya saqlash tizimlari (BESS) bo‘yicha hamkorlik istiqbollariga qaratildi. Ushbu loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha banklarning takliflari o‘rganilmoqda.
Shuningdek, ishlab chiqarishda energiya tejovchi yangi nasoslar, kompressor stansiyalarini modernizatsiya qilish, elektrodvigatellar va issiqlik almashinuvchi uskunalarni joriy etish kabi tashabbuslar muhokama qilindi.
Barqaror aviatsiya yoqilg‘isi (SAF) loyihalari yuzasidan LanzaTech texnologiyasi asosida texnik-iqtisodiy asoslangan hisobotlar ko‘rib chiqildi.
Muhokama qilingan loyihalar “O‘zbekneftgaz” AJning energetik samaradorligini oshirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan.