October 16, 2025

Ta’mirlash va modernizatsiya ishlari muddatidan oldin yakunlandi

“Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda 2025-2026 yilgi kuz-qish mavsumida ishlab chiqarish jarayonlarining barqarorligi hamda bo‘linmalarni issiqlik va elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida bir qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, etilen va polietilen ishlab chiqarish, bug‘ gaz havo bilan ta’minlash bo‘linmalaridagi qurilmalarda eskirib qolgan ehtiyot qismlar yangisiga almashtirildi. Issiqlik almashinuvi apparatlarining quvur bog‘lamlari, piroliz pechining quvurlari to‘liq yangilandi. Polimer separatorining ichki qismi tozalandi.

Elektr ta’minoti bo‘linmasiga qarashli dizel generator qurilmasining boshqaruv tizimi tubdan modernizatsiya qilinib, zamonaviy tipdagi yangi boshqaruv paneli o‘rnatildi.

Shu bilan bir qatorda,
✔️73 dona quvuruzatkich texnik ko‘rikdan o‘tkazildi;
✔️83 dona issiqlik almashinish apparati quvur bog‘lamlari bosim ostida suv bilan tozalandi va ta’mirlandi;
✔️62 dona saqlovchi klapan rejali ko‘rikdan o‘tkazildi;
✔️42 dona bosim ostida ishlovchi idish tashqi va ichki ko‘rikdan o‘tkazildi;
✔️170 dona berkituvchi armatura va klapan tekshirildi va 249 dona elektr jihozi texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, ta’mirlandi.

Shuningdek, tayyor mahsulotlar va xomashyo bo‘linmasining avtomatik boshqaruv tizimi modernizatsiya qilindi. Natijada tizimning ishonchliligi va funksional imkoniyatlari yanada oshirildi.

Barcha ishlar sanoat va texnika, gaz, yong‘in va elektr xavfsizligi qoidalariga to‘liq amal qilgan holda olib borildi.

Modernizatsiya jarayonlariga xorijiy kompaniya mutaxassislari jalb etilganligi bois, texnologik qurilma va uskunalarni bosqichma-bosqich ishga tushirish ishlari muddatidan oldin muvaffaqiyatli yakunlandi va majmua odatiy ish rejimida ish boshladi.

«Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati