Ustoz va murabbiylarga ehtirom ifodasi
Mamlakatimizda keng nishonlanayotgan 1 oktyabr — “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi barcha korxona va tashkilotlarda ustozlik maqomiga erishgan xodimlar va mehnat faxriylari uchun tantanali tadbirlar tashkil etildi.
"O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan tashkil etilgan bayram tadbirida Jamiyat Boshqaruvi raisi Bahodir Sidiqov so‘zga chiqib, mamlakatimizda ustoz va murabbiylarni e’zozlash, mehnat faxriylarini qadrlash davlat siyosati darajasida amalga oshirilayotganini qayd etdi. Yangi konlarni o‘zlashtirish, yirik neft va gaz sanoati korxonalarini barpo etishda ustozlarning ulkan hissasi borligini e’tirof etdi. Shu bilan birga, ularning boy tajribasi yosh avlod faoliyatida maktab ekanini ta’kidladi.
Bayram dasturxonlari, konsert dasturlari va samimiy uchrashuvlar davomida ular ko‘p yillik samarali mehnatlari, yosh kadrlar tarbiyasiga qo‘shgan beqiyos hissasi uchun maxsus esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Bugungi kunda barcha boshqarmalar va korxonalarda “Ustoz-shogird” an’anasi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, har bir yosh mutaxassisga tajribali xodimlar biriktirilgan. Bu esa kadrlar salohiyatini oshirish, ishlab chiqarish samaradorligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Tadbirlar davomida ta’lim-ishlab chiqarish hamkorligini rivojlantirish, yosh kadrlarning malakasini oshirishga qaratilgan rejalar ham muhokama qilindi.
Bu kabi tadbirlar nafaqat ustoz va murabbiylarning mehnatini ulug‘laydi, balki barcha xodimlarning bilim va tajribasi qadrlanishini, ularning ma’naviy qo‘llab-quvvatlanishini namoyon etadi.