March 19

“Honeywell” kompaniyasi bilan innovatsion texnologiyalar bo‘yicha hamkorlik mustahkamlanmoqda

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJ va AQSHning yetakchi kompaniyalaridan biri bo‘lgan “Honeywell” kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda dastlab, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan amalga oshirayotgan loyihalar, erishilgan natijalar va strategik rejalar haqida ma’lumot berildi. Mazkur loyihalar qatorida neft va gaz sanoatidagi yangi texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatizatsiyalash va raqamlashtirish, energetik samaradorlikni oshirishga yo‘naltirilgan tashabbuslar mavjud.

Muloqot chog‘ida Jamiyat biznes jarayonlarini transformatsiya qilish orqali yuqori texnologik standartlarga javob beradigan ishlab chiqarishni tashkil etishga intilayotganligi qayd etildi. Mazkur tashabbuslar mamlakatning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash, shuningdek, neft va gaz sohasida yuqori samaradorlikni ta’minlashga yordam bermoqda.

“Honeywell” kompaniyasining Turkiya, Isroil va Markaziy Osiyo bo‘yicha prezidenti Uygar Dyuran o‘zbekistonlik mutaxassislarning salohiyatini yuqori baholab, kelgusi hamkorlikning ahamiyatini ta’kidladi. Shuningdek, kompaniya vakili O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan muhim loyihalar va istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Shu jumladan, “Honeywell” kompaniyasining O‘zbekistonda ishga tushirilgan yangi ofisi xodimlari bilan tanishuv amalga oshirildi.

Shundan so‘ng, tomonlar istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Yangi qo‘shma loyihalar bo‘yicha mas’ullar belgilab olindi.

Ushbu strategik hamkorlik O‘zbekiston neft va gaz sektoriga zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etishga qaratilgan bo‘lib, sohaning yanada rivojlanishi va o‘zaro biznes aloqalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati