May 25

Ijro intizomi — samaradorlik va natijadorlik mezoni

Bugun “Oʻzbekneftgaz” AJda oʻtkazilgan apparat yigʻilishida jamiyatda ijro intizomini taʼminlash holati, may oyi yakunlari, iyun oyi rejalari, shuningdek 2026-yil I -chorak KPI koʻrsatkichlari ijrosi va II-chorakda kutilayotgan natijalar muhokama qilindi.

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, ijro intizomi davlat organlari va tashkilotlar faoliyati samaradorligini taʼminlovchi muhim tizim hisoblanadi. Xususan, davlat rahbari, Prezident Administratsiyasi hamda hukumat tomonidan “Ijro.gov.uz” tizimi orqali berilgan nazorat topshiriqlari ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. Qayd etilishicha, may oyida nazoratda turgan barcha topshiriqlarning ijrosi toʻliq taʼminlangan.

Shu bilan birga, iyun oyida nazoratda turgan topshiriqlar soni sezilarli darajada ortishi munosabati bilan ularni barvaqt va sifatli bajarish boʻyicha “yoʻl xaritalari” hamda kalendar jadvallari ishlab chiqilgani maʼlum qilindi. Masʼullarga topshiriqlarni belgilangan muddatdan kamida 5 kun oldin taʼminlash, ijro jarayonini doimiy nazoratda ushlash va tegishli idoralar bilan hamkorlikda ish olib borish vazifasi yuklatildi.

Yigʻilishda, shuningdek, 2026-yil I-chorak KPI natijalari ham koʻrib chiqildi. “Oʻzbekneftgaz” AJ respublika tashkilotlari reytingida 17-oʻrinni egallab, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5-pogʻonaga yuqorilagani qayd etildi. Ayni paytda, II-chorakda bajarilishi kutilayotgan koʻrsatkichlar, jumladan aholi muammolarini tinglash maqsadida hududlarda sayyor qabullar oʻtkazish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Yigʻilish yakunida Boshqaruv raisi tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini qatʼiy nazoratga olish, muddati oʻtgan vazifalarni qisqa muddatlarda bartaraf etish hamda kelgusida har bir topshiriqning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash yuzasidan masʼullarga tegishli koʻrsatmalar berildi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Axborot xizmati