Today

Mutaxassislar “SOCAR” tajribasini o‘rganishdi

“O‘zbekneftgaz” AJ va Ozarbayjon Davlat neft kompaniyasi (SOCAR) o‘rtasida imzolangan kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik memorandumi doirasida bir guruh xodimlar Boku shahrida xizmat safarida bo‘lishdi.

“Neft-gaz biznesida risklarni boshqarish” mavzusida o‘tkazilgan stajirovkada Moliyaviy va komplayens nazorat departamenti mutaxassislari dastlab “SOCAR”ning risk-menejment tizimi va moliyaviy nazorati bilan tanishdilar.

Uchrashuvlar va o‘quv jarayonlari chog‘ida texnologik xavfsizlik va komplayens sohalarida ilg‘or tajribalar bilan ham tanishildi hamda o‘zaro bilim almashildi.

Stajirovka natijalari asosida, kompaniya faoliyatida risklarni boshqarish jarayonlarini yanada takomillashtirish va xalqaro amaliyotlarni bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilmoqda.

Kompaniyalar o‘rtasidagi bu kabi hamkorlik nafaqat kadrlar malakasini oshirish, balki ikki tomonlama tajriba almashish hamda aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati