July 24

O‘zbekiston futzalida yangi davr: “O‘zbekneftgaz” va Futzal federatsiyasi rahbarlari uchrashdi

Ruscha

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yilda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida bildirilgan taklif va tashabbuslari asosida mamlakatda futzalni tizimli rivojlantirish jarayoni boshlandi. Mazkur tashabbuslar doirasida 2024 yil dekabr oyida O‘zbekiston Futzal federatsiyasi rasman qayta tashkil etildi.

Yangi tashkil etilgan federatsiyaning ustuvor vazifalari qatorida futzal infratuzilmasini rivojlantirish, mahalliy ligani takomillashtirish, terma jamoalarni xalqaro musobaqalarga tayyorlash kabi yo‘nalishlar belgilangan.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Futzal federatsiyasi prezidenti “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqotda “O‘zbekneftgaz” AJning mamlakat futbolining rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi alohida e’tirof etilib, federatsiya rahbariyati tomonidan minnatdorlik bildirildi.

Shuningdek, “Bunyodkor” futzal jamoasini qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, legionerlar jalb etish, yosh va istiqbolli futzalchilarni milliy terma jamoaga yetkazib berish, shu orqali zahirani shakllantirish va raqobatbardosh jamoa yaratish masalalari muhokama qilindi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati