November 7, 2025

Sho‘rtan – barqaror rivojlanish yo‘lida

Yurtimiz neft-gaz sanoati korxonalaridan biri — Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi o‘z faoliyatini boshlaganiga 45 yil to‘ldi. Sana munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

1980 yilda tashkil etilgan boshqarma mamlakatimiz energetika tizimining ishonchli tayanchiga aylangan.

Boshqarma faoliyati bugungi kunda ham rivojlanish va yangilanish sari qadam tashlamoqda. Yangi konlarni o‘zlashtirish, innovasion texnologiyalarni joriy etish va ish jarayonlarini raqamlashtirish orqali boshqarma mamlakatimiz energetik xavfsizligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shmoqda.

Bayramning ochilish marosimida Energetika vazirligi mas’ullari, Qashqadaryo viloyati hokimi, "O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi o‘rinbosari R.Sherov, neft-gaz sanoatida katta tajriba va salohiyatga ega mutaxassis Qayum Xaqqulov va boshqarma faxriylari so‘zga chiqib, boshqarma xodimlarini yurtimiz energetika tizimining barqaror ishlashi va iqtisodiy rivojlanishdagi beqiyos hissasi bilan tabriklashdi. Shuningdek, jamoaning fidokorona mehnati va soha taraqqiyotidagi ulkan xizmatlari alohida ta’kidlandi.

Tadbir davomida “Sho‘rtan NGQCHB – 45 yillik taraqqiyot yo‘lida” nomli qisqa videolavha namoyish etildi. Unda boshqarmaning yaratilish tarixi, yillar davomidagi yutuqlari va zamonaviy texnologiyalar asosida amalga oshirilayotgan modernizatsiya ishlari haqida ma’lumot berildi. Shundan so‘ng Qayum Xaqqulov va To‘lqin Omonov qalamiga mansub kitoblar taqdimoti o‘tkazildi.

Faol xodimlar, mutaxassislar va sohada uzoq yil ishlaganlar faxriy yorliqlar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Bayram ishtirokchilari boshqarma hududidagi ishlab chiqarish bo‘linmalarida amalga oshirilayotgan modernizatsiya ishlari va Ishlab chiqarish dispetcherlik xizmati faoliyati bilan tanishdilar.

Tadbir yakunida mehmonlar uchun konsert dasturi namoyish etilib, bayram dasturxoni tashkil etildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati