September 10

“Pomuq” stansiyasidagi gaz haydash agregati qayta ta’mirlandi

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi “Pomuq” siquv kompressor stansiyasida joylashgan 200-sonli gaz haydash agregati gaz turbinali dvigatelida yuzaga kelgan nosozlik muvaffaqiyatli bartaraf etildi.

Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli ushbu stansiyaning asosiy vazifasi konlardan qazib olinayotgan gaz bosimini ko‘tarib Gazni kompleks tayyorlash qurilmasiga uzatishdan iborat.


Mazkur nosozlik agregat ishida turli texnik qiyinchiliklarni keltirib chiqarib, gaz qazib chiqarish va uzatish barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatish xavfini tug‘dirgan edi. Operativ chora-tadbirlar tufayli nosozlik xorijiy mutaxassislarni jalb etmasdan, ichki imkoniyatdan foydalangan holda bartaraf etildi.

Dvigatel uchun zarur bo‘lgan ehtiyot qismlar boshqarmaga qarashli boshqa siquv kompressor stansiyalarida mavjud ichki resurslar hisobidan ta’minlandi. Qisqa vaqt ichida agregat ishining qayta tiklanishi natijasida stansiyani uzluksiz, bir me’yorda ishlashi hamda tabiiy gaz qazib olish hajmining qisqarishini oldini olishga erishildi.

Ma’lumot uchun: “Pomuq” siquv kompressor stansiyasidagi AI-336-2-8 rusumli gazturbinali dvigatellar Ukrainaning “Motor Sich” zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, 2008 yilda ishga tushirilgan. U yiliga 2 mlrd kub metr gaz haydab berish quvvatiga ega.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook