Bosh vazir o‘rinbosari ishtirokida qazib chiqarishni barqarorlashtirish masalalari muhokama qilindi
"O‘zbekneftgaz" AJda Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Boshqaruv raisi lavozimiga tasdiqlangan Abdug‘ani Sanginov jamoaga rasman tanishtirildi va soha oldida turgan dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan sohani har tomonlama rivojlantirish, uni yangi bosqichga olib chiqish uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlarga qaramay kutilgan natijalarga erishilmayotgani tanqid qilindi.
Ushbu holatlarni bartaraf etish bo‘yicha eng avvalo, geologiya-qidiruv va qazib chiqarish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish, har bir yo‘nalish faoliyatini qat’iy va samarali choralar asosida qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, kompaniya strukturasini xalqaro standartlar asosida joriy qilish, yangi boshqaruv yondashuvlarini qo‘llash, strategik loyihalarni amaliy natijaga yo‘naltirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Xorijiy hamkorlar bilan aloqalar formatini tahlil qilish, mavjud moliyaviy resurslardan samarali foydalanish lozimligi alohida qayd etildi.
Yig‘ilishda yangi rahbar qat’iyatli, ishonib berilgan har bir topshiriqqa mas’uliyat bilan yondashishi, ishda eng avvalo, tartib va intizomga amal qilib, vazifalarni sidqidildan bajarishi tilga olindi.
Abdug‘ani Sanginov qisqa muddatlarda Jamiyatni transformatsiya qilish bo‘yicha yangi Strategiyani qabul qilish va jamoa bilan birdamlikda gaz qazib chiqarishni barqarorlashtirish va sohada tizimli natijalarga erishilishini bildirdi.
Prezident topshirig‘i bilan sohadagi boshqaruvni yanada kuchaytirish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirining neft va gaz bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy qilingani qayd etilib, mazkur qaror tarmoqda tizimli islohotlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.