November 14, 2023

Xorijiy tajribaga ega mahalliy konsalting kompaniya bilan hamkorlik davom ettiriladi

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJ va «Financial Compliance Solutions” (FCS) konsalting kompaniyasi o‘rtasida hamkorlikni davom ettirish to‘g‘risida bitim imzolandi.

Ushbu kompaniya “Ernst & Young” xalqaro auditorlik kompaniyasining sobiq xodimlaridan tashkil topgan. Bitimni imzolashdan maqsad kompaniyalar o‘rtasida buxgalteriya hisobini transformatsiya qilish dasturini amalga oshirish, xalqaro standartlarga muvofiq moliyaviy hisobotlarni tayyorlashni jadallashtirishdan iborat.

Xalqaro mutaxassislar bilan birgalikda “O‘zbekneftgaz” AJda Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) asosida konsolidatsiyalashgan moliyaviy audit samaradorligini ta’minlash, buxgalteriya hisobi bo‘limi xodimlarining sohaviy va mintaqaviy xususiyatlarini hisobga olgan holda MHXS talablariga muvofiq o‘qitish rejalashtirilgan.

Bitimga ko‘ra, mintaqa va AQSHda katta tajribaga ega "FCS Experts" jamoasi "Fast Close” (Hisobot davrlarini tezkor yopish) loyihasi doirasida AQSHning "PMBoK" (Project Management Body Of Knowledge) tamoyillari va standartlari asosida loyihalarni kompleks boshqarishni amalga oshirish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashadi.

"FCS Experts" bilan hamkorlikda Jamiyatda buxgalteriya hisobi usullarini takomillashtirish va konsolidatsiyalangan moliyaviy hisobotlarni tayyorlash, 2024 yilda moliyaviy hisobotlarni konsolidatsiyalash va o‘zgartirish jarayonlarini avtomatlashtirish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish ham ko‘zlanmoqda.

Ushbu jarayonlarning o‘zlashtirilishi tizimda hisobot davrlarini yopishni tezlashtirish va MHXS asosida konsolidatsiyalangan hisobotlarini tayyorlash sifatini oshirishga yordam beradi.

Shuningdek, "Fast Close" loyihasining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi Jamiyatga London fond birjasida aksiyalarni birlamchi yoki yevroobligatsiyalarni qo‘shimcha joylashtirish orqali investisiyalarni yanada ko‘proq jalb qilishga yordam beradi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda "O‘zbekneftgaz" AJ qulay shartlarda 700 million dollardan ortiq miqdorda qarz mablag‘larini jalb qilinishga erishgan edi. O‘shanda Jamiyatga MHXS talablariga muvofiq audit qilingan konsolidatsiyalashgan hisobotlarni tayyorlashga "FCS Experts" jamoasi ham ko‘maklashgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining moliyaviy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Yuriy Pankratov:

“Biznes hamkorlar va salohiyatli investorlarni MHXS asosidagi tezkor va ishonchli hisobot bilan ta’minlash moliyaviy funksiyaning asosiy vazifasi hisoblanadi. O‘zbekiston kompaniyalarida bu muammoni samarali va tezkorlik bilan hal qilinishida bunday jamoalarning xizmati muhim”.

Ma’lumot o‘rnida, "FCS Experts" auditorlik xizmatlaridan tashqari O‘zbekistondagi davlat va xususiy korxonalar uchun buxgalteriya hisobi, moliya va loyihalarni boshqarish borasida konsalting xizmatlarini ham ko‘rsatadi. Kompaniya 2021 yilda Toshkent shahrida AQSH, Yevropa va MDHdagi "Katta to‘rtlik" kompaniyalaridagi xalqaro tajribaga ega mutaxassislar ishtirokida tashkil etilgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube