Metan emissiyalarini qisqartirishga oid loyihaning birinchi bosqichi yakunlandi
"Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida metan emissyalarini qisqartirish" loyihasi doirasida qurilmalarni rekonstruksiya qilish va ta’mirlash bo‘yicha dasturining birinchi bosqichi yakunlandi.
Loyihaning asosiy maqsadi — metan va boshqa parnik gazlarini qisqartirish va shu orqali ekologiyaga salbiy ta’sirni minimallashtirishdir.
Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasidagi metan emissiyalarini qisqartirish loyihasi Shveytsariyaning VEMA S.A. va Norvegiyaning ICA-Finance A.S. kabi xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirildi. Bu tashkilotlar emissiyalarni aniqlash va bartaraf etish vositalarini (LDAR) qo‘llashda katta tajribaga ega.
LDAR (Leak Detection and Repair) tizimi – bu “Sizib chiqishlarni aniqlash va bartaraf etish" ga mo‘ljallangan zamonaviy texnologiya bo‘lib, ushbu jarayon loyiha doirasida ishga solindi.
Loyiha doirasida bajarilgan ishlarning samaradorligini tasdiqlash maqsadida 2024 yil 17-18 dekabrda “TUV NORD CERT GmbH” verifikatorlari boshqarmaga qarashli “Ko‘kdumaloq”, “Zevarda”, “Alan” va “Pomuq” konlariga tashrif buyurishdi. Ushbu tashrif muvaffaqiyatli amalga oshirilib, ishlarning natijalari ijobiy baholandi.
Loyiha, nafaqat ekologik nuqtai nazardan, balki iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan ham muhimdir. Parnik gazlarining emissiyalarini qisqartirish mamlakatning iqlimga oid maqsadlarini amalga oshirishga katta hissa qo‘shadi.
“O‘zbekneftgaz” AJ ESG tamoyillarini joriy etilishida loyiha bo‘yicha kelgusida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda yangi strategik qadamlar bilan davom etishni rejalashtirmoqda.