June 23

"O‘zbekneftgaz" AJ Farg‘ona hududiy sanoat yarmarkasida ishtirok etdi

Ruscha

Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan ixtisoslashgan hududiy sanoat yarmarkasida “O‘zbekneftgaz” AJ va uning tizim korxonalari yagona stend bilan ishtirok etdi.

Yarmarkaning asosiy maqsadi – kooperasion aloqalarni rivojlantirish, mahalliylashtirish jarayonlarini jadallashtirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirishdir.

“O‘zbekneftgaz” AJ pavilonida tarkibiy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan, shuningdek, o‘zlashtirilishi rejalashtirilayotgan turli mahsulotlar namoyish etildi. Ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan mahsulot va xizmatlarga alohida e’tibor qaratildi.

Ishtirokchilar Jamiyat stendi bilan yaqindan tanishib, mahsulotlarni targ‘ib qilish, bozorga chiqarish hamda tarmoqlararo hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Bu kabi respublika va hududiy yarmarkalar ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash, texnologiyalar almashinuvi hamda yangi qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish uchun samarali platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati