September 27

Konlarda keng qamrovli ishlar yakunlandi

Ruscha

Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi konlarida kuz-qish mavsumi oldi keng qamrovli va rejali ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Boshqarmaga qarashli “Shimoliy Berdaq”, “Sharqiy Berdaq” konlari va siquv kompressor stansiyasi, gazni kompleks tayyorlash qurilmasidagi rejali ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazildi.

Jumladan:
- Agregatga gaz kirish gorizontal separatorida tashqi va ichki ko‘rik ishlari o‘tkazildi.
- Agregatlarga yoqilg‘i gaz tizimining ikkita filtr-separatorida ichki ko‘rik ishlari o‘tkazilib, har birining ikkitadan filtr elementlari yangisiga almashtirildi.
- Yoqilg‘i gazini me’yorlash tizimlarining V tarmog‘idagi sharli kran yangisiga almashtirildi.

Shu bilan birga, siquv kompressor stansiyalarida elektr ta’minoti tizimlari, akkumulyatorlar yangilanib, kompressorlar orasida kojux mufta ochilib, moy sizish muammolari bartaraf etildi.

Kompressorlarning bufer gaz tizimlaridagi membranalar almashtirildi, bu esa ushbu qurilmalarning samarali ishlashini ta’minlaydi.

“Sharqiy Berdaq” siquv kompressor stansiyasiga kirish tarmoqlarining kengaytirilishi va yangi separatorlarning o‘rnatilishi birlamchi gaz tozalash jarayonlarini yanada samarali qilishga xizmat qildi.

Boshqarmaning muhim texnologik qurilmalaridan bo‘lgan Sharqiy Berdaq gazni kompleks tayyorlash qurilmasidagi texnologik uskunalar, me’yorlovchi klapanlar va gaz o‘tkazgich zulfinlari tekshiruvdan o‘tkazilib, kuz-qish mavsumida uzluksiz, betalofat ishlashi ta’minlandi. Gazni kompleks tayyorlash qurilmasidan toza gaz uzatish tizimida ham kengaytirish ishlari olib borildi. Bundan maqsad magistral gaz quvurlariga uzluksiz toza gaz yetkazib berish imkoniyatlari yaratildi.

Ushbu loyihalar yakunlanib ishga tushirilishi, tabiiy gaz qazib olish va yetkazib berishda avariyaviy to‘xtashlarni oldini olish va uzluksiz ishlashini ta’minlashga xizmat qiladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook