November 28, 2025

“O‘zbekneftgaz”ning 850 mln dollarlik Yevroobligatsiyalari “Yil bitimi” nominatsiyasida g‘olib deb topildi

Joriy yilning noyabr oyida nufuzli xalqaro tashkilot "Global Banking & Markets" tomonidan o‘tkazilgan yillik konferensiyada "GBM Awards: Central & Eastern Europe", "Central Asia & Türkiye 2025" mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, uning doirasida "O‘zbekneftgaz" AJning London fond birjasida 850 million dollarlik obligatsiyalari chiqarilishi "Yil bitimi" maxsus mukofoti bilan taqdirlandi.

"O‘zbekneftgaz" AJ obligatsiyalarining joylashtirilishi xalqaro moliya bozorlaridagi yuqori o‘zgaruvchanlik davrida AQSH, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi va Yaqin Sharqning 100 dan ortiq yirik global investorlar e’tiborini tortdi va neft-gaz sektoridagi taklifning o‘ziga xosligi bilan ajralib turdi.

Murakkab bozor sharoitida amalga oshirigan ushbu muvaffaqiyatli joylashtirish kompaniyaga investorlar tomonidan bildirilayotgan ishonchning yorqin tasdig‘idir.

Konferensiya doirasida "Standard Chartered", "J.P. Morgan", "Citibank va Deutsche Bank AG" kabi bir qator yirik banklar va moliya tashkilotlari "O‘zbekneftgaz" AJga, uning rivojlanish istiqbollariga, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash hamda transformatsiya jarayonlariga yuqori qiziqish bildirib, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash istagi borligini qayd etdilar.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati