May 26, 2023

“O‘zbekneftgaz”: Xitoyning eksport va kreditni sug‘urtalash korporatsiyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJ hamda Xitoyning “China Export & Credit Insurance Corporation, SINOSURE” eksport va kreditni sug‘urtalash korporatsiyasi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda xorijiy tomonga “O‘zbekneftgaz” AJning iqtisodiy barqarorligi, aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar, erishilgan natijalar hamda transformatsiya jarayonlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, tomonlar o‘rtasida hamkorlikning bugungi holati va kelgusidagi rivojlantirish rejalari hamda eksport kredit agentligi (EKA) sug‘urtasi orqali moliyalashtirishning keyingi bosqichlari muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan xarid qilinadigan burg‘ilash uskunalari va quduq ustki kompressor stansiyalarini EKA sug‘urtasi orqali moliyalashtirish jarayonlari hamda sug‘urta jarayoning keyingi bosqichlari ko‘rib chiqildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan xorijiy sug‘urta agentiga aksiyadorlik jamiyatining hamkorlari bilan imzolangan EPC (Injiniring, xarid va qurilish) shartnomalari doirasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish taklifi berildi.

Muzokaralar yakunida “O‘zbekneftgaz” AJ va “Sinosure” korporatsiyasi rahbariyati hamkorlikni rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish yuzasidan aloqalarni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini qayd etishdi.

Ma’lumot uchun: "China Export & Credit Insurance Corporation (SINOSURE)" – 2001 yilda tashkil etilgan Xitoy Xalq Respublikasining davlat sug‘urta korporatsiyasi hisoblanadi. Sinosure’ning maqsadi – eksport mahsulotlari va kreditlarini sug‘urtalash orqali Xitoy mahsulotlarini eksport qilish, shuningdek, Xitoy kompaniyalari xorijiy investitsiyalarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

|web-sayt|instagram|telegram|