Joriy yilda 135 mln kVt*soat elektr energiyasi va 57 mln kub metr tabiiy gaz yoqilg‘isi tejaldi
“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan energiya resurslaridan oqilona foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida amalga oshirilgan tadbirlar natijasida 135 million kVt*soat elektr energiyasi tejalib, reja prognozga nisbatan 107 foizga bajarildi.
Bu o‘z navbatida elektr energiyasi ishlab chiqarish va iste’mol qilishda samaradorlikni oshirishga yordam berdi.
Elektr energiyasi iste’moli iqtisodini ta’minlash maqsadida 27,2 MVt quyosh fotoelektr stansiyasi, 113,9 ming litr quyosh suv qizdirgichlari, 13 235 dona svetodiodli lampalar, 1 951 dona yoritish chiroqlari va 1 103 dona sensorli datchiklar o‘rnatildi.
Tabiiy gaz yoqilg‘isini tejashga qaratilgan tadbirlar natijasida 57 million kub metr tabiiy gaz yoqilg‘isini tejashga muvaffaq bo‘lindi. Bu prognozga nisbatan 120 foizga ko‘proq natija demakdir.
Tabiiy gazni tejash maqsadida seolitli tozalash va quritish qurilmalari, oltingugurt olish qurilmalari, qozonxonalardagi bug‘ qozonlarini issiq zahiraga to‘xtatish orqali gaz sarflanishini tejash va bug‘ ishlatish samaradorligini oshirishga qaratilgan choralar amalga oshirildi.
Ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish va optimallashtirishga katta e’tibor berish natijasida nafaqat energiya sarflari kamaytirildi, balki atrof-muhitga bo‘lgan ta’sir ham minimallashtirildi.