“O‘zbekneftgaz” AJ “SOCAR”ning raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha tajribasini joriy etadi
"O‘zbekneftgaz" AJ delegatsiyasi "Turkmaniston neft va gazi – 2025" (OGT-2025) xalqaro ko‘rgazmasi va konferensiyasida ishtirok etdi.
OTG-2025 doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi hamda Ozarbayjon Respublikasi Davlat neft kompaniyasi – "SOCAR" prezidenti o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar konstruktiv va ishbilarmonlik ruhida o‘tib, ikki kompaniya o‘rtasidagi sheriklik yuqori darajada ekanligi yana bir bor tasdiqlandi.
Tomonlar Ustyurt hududida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish bo‘yicha mahsulot taqsimotiga oid Bitimni amalga oshirish masalalarini muhokama qilib, seysmik qidiruv ishlarini boshlashga alohida e’tibor qaratdilar.
Uchrashuv yakunida maydon ishlarini jadallashtirish, zarur texnik va logistik resurslar bilan ta’minlash hamda loyihaning joriy bosqichi samaradorligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari, tomonlar ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, xarajatlarni optimallashtirish va ekologik barqarorlikni ta’minlash uchun sun’iy intellekt vositalari, raqamli yechimlar va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini joriy etishda hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘nalishlarini kelishib oldilar.