November 3

Suyultirilgan gaz yetkazib berish xususiy kompaniyalarga oʻtsa, talab oshadimi?

Matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan berilgan ushbu savolga “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi oʻrinbosari Farid Moʻminov javob berdi.

— Albatta, bu borada aniq hisob-kitob va rejalar ishlab chiqilgan. Mahalliy ishlab chiqarish va import koʻrsatkichlari boʻyicha aniq raqamlar mavjud. Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 12-oktyabrdagi 326-sonli qaroriga muvofiq, 1-noyabrdan yangi tartib joriy etildi. Unga koʻra, “Oʻzbekneftgaz” AJ tizim tashkilotlari va “Lukoyl” kompaniyasi ishlab chiqarayotgan barcha suyultirilgan gaz hajmi tovar-xom ashyo birjasi orqali “Hududgaztaʼminot” AJ qoshida ochilgan “LPG Trade” korxonasiga yoʻnaltiriladi. Bu islohotning asosiy maqsadi — suyultirilgan gaz realizatsiyasini bozor talablari asosida liberallashtirishdir.

Birinchi bosqichda xomashyo hajmi boʻyicha hech qanday muammo boʻlmaydi. Kuz-qish mavsumida “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan aholi hamda ijtimoiy soha muassasalari uchun belgilangan 251 ming tonna mahsulot “Hududgaztaʼminot” AJning “LPG Trade” korxonasiga toʻliq hajmda yetkazib beriladi.

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, oʻtgan 9 oy davomida aholi ehtiyojlari uchun har oyda oʻrtacha 44 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilgan. Kuz-qish mavsumida isteʼmol ortishini hisobga olgan holda ushbu miqdor yanada oshiriladi va bizda mahsulotni toʻliq taʼminlash imkoniyati yetarli.

Maʼlumot uchun, “Oʻzbekneftgaz” AJ mahsulotni ulgurji tarzda keyingi bosqich (“LPG Trade”)ga yetkazib berishga masʼuldir. Aholi xonadonlarigacha yetkazib berishni esa boshqa ixtisoslashgan taqsimot tashkilotlari amalga oshiradi.