244 nafar talaba "Uzbekistan GTL" zavodida amaliyot o‘taydi
"O‘zbekneftgaz" AJ ishlab chiqarish korxonalari tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida har yili turli stipendiyalar va amaliyot dasturlari o‘tkazib kelinadi.
2024/2025-o‘quv yili uchun o‘tkazilayotgan VI "Uzbekistan GTL stipendiya dasturi"da 1689 nafar talaba ishtirok etish uchun ariza topshirdi va nomzodlardan 1059 nafari ikkinchi bosqich uchun saralab olindi.
O‘tgan yilning noyabr oyi oxirida tashkil etilgan ikkinchi bosqichda oliy ta’lim tashkilotlariga tashrif buyurib, yozma imtihonlar olindi.
Yozma sinov natijalariga ko‘ra, 244 nafar talaba zavodga 2 haftalik ishlab chiqarish malakaviy amaliyotiga tavsiya etildi.
Qayd etish joizki, ishlab chiqarish amaliyoti davomida talabalar 3 mahal issiq ovqat, yotoqxona va transport bilan bepul ta’minlanadi hamda malakali mutaxassislarga biriktiriladi.