June 5, 2025

“O‘zbekneftgaz” AJ reytingida ijobiy o‘sish — S&P prognozni yaxshiladi

Ruscha

“S&P Global Ratings” xalqaro reyting agentligi “O‘zbekneftgaz” AJning kredit reytingi bo‘yicha prognozini “Barqaror”dan “Ijobiy”ga o‘zgartirdi va kompaniyaning uzoq muddatli kredit reytingini ‘B+’ darajasida tasdiqladi. Ushbu qaror 2025 yil 23 may kuni O‘zbekiston Respublikasi suveren kredit reytingi bo‘yicha prognoz qayta ko‘rib chiqilishiga mos ravishda qabul qilindi.

Ma’lumki, “O‘zbekneftgaz” AJ mamlakat iqtisodiyotida strategik ahamiyat kasb etadi. Kompaniya respublikada tabiiy gaz qazib chiqarishning taxminan 60 foizini ta’minlaydi va uni ijtimoiy narxlarda ichki bozorga yetkazib berib, sanoatni rivojlantirish va energetika sohasida barqarorlikni ta’minlashga hissa qo‘shib kelmoqda. Shuningdek, kompaniya mahalliy gaz asosida “GTL” zavodida sintetik yoqilg‘i va boshqa chuqur qayta ishlangan mahsulotlarni ishlab chiqaradi. “O‘zbekneftgaz” AJ va uning tarkibiga kiruvchi korxonalar mamlakatdagi uchta eng yirik soliq to‘lovchilar qatoriga kiradi.

Kompaniya aksiyalarining deyarli 100 foizi davlatga tegishli, kuzatuv kengashida ham davlatning salmoqli ishtiroki mavjud. O‘tgan yillar davomida davlat kompaniyani imtiyozli shartlarda va davlat kafolati asosida kredit ko‘rinishida qo‘llab-quvvatlab kelgan.

Ijobiy prognoz kelgusida reyting oshishi ehtimolini aks ettiradi. Bu esa suveren reyting yaxshilangan taqdirda yoki kompaniyaning moliyaviy ko‘rsatkichlari, jumladan likvidlik va operasion faoliyatdan tushumning qarzga nisbati yaxshilanganda yuzaga kelishi mumkin.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati