"Uzbekistan GTL" xalqaro aviatsiya tadbirida taqdimot bilan ishtirok etdi
Samarqand shahrida “O‘zaviatsiya” agentligi hamda Xalqaro fuqaro aviatsiya tashkiloti (IKAO) hamkorligida “Xalqaro aviatsiya uchun uglerod emissiyalarini qisqartirish va kompensatsiyalash tizimini (CORSIA) joriy etish” mavzusida xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi.
Dunyoning 30 ta davlatidan ekspertlar va mutaxassislar ishtirok etgan tadbir davomida havo transporti sohasidagi ekologik xavfsizlik, uglerod emissiyalarini qisqartirish va kelajakdagi istiqbolli yechimlar muhokama qilindi.
Xalqaro seminarda "Uzbekistan GTL" MCHJ o‘zining sintetik “GTL” aviakerosini taqdimoti bilan ishtirok etdi. Tadbirda zavodning Bosh direktori A. Bahodirov “GTL” aviakerosini va uning aviatsiya sanoatidagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berdi. “GTL” aviakerosini nafaqat O‘zbekiston, balki jahon miqyosida ham ekologik toza aviatsiya yoqilg‘isi sifatida e’tirof etilmoqda.
“GTL” aviakerosinidan foydalanish havo transporti operatorlariga atmosferaga chiqariladigan zararli moddalarni kamaytirish imkonini beradi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, “GTL” kerosini yoqilg‘i sifatida ishlatilganda atmosferaga chiqadigan zararli chiqindilarni 86% dan ortiq miqdorga qisqartirish va reaktiv dvigatel samaradorligini 53% ga oshirish mumkin.
Uning sifati tarkibida oltingugurt va aromatik birikmalarning kamligi bilan tavsiflanadi. Bu uni an’anaviy neft mahsulotlaridan ishlab chiqarilgan kerosin bilan solishtirganda ekologik jihatdan toza va samarali ekanligi bilan ahamiyatli ekanligini ko‘rsatadi.
“GTL” kerosini an’anaviy kerosin bilan 50% gacha bo‘lgan miqdorda aralashtirish komponent sifatida qo‘llaniladi va reaktiv yoqilg‘i ishlab chiqarish uchun foydalaniladi.
Qayd etish joizki, “CORSIA” (Carbon Offsetting and Reduction Scheme for International Aviation) — bu xalqaro aviatsiya uchun uglerod emissiyalarini qisqartirish va kompensatsiyalashga qaratilgan global tashabbusdir. O‘zbekiston bu tizimni joriy etishda faol ishtirok etmoqda va "GTL" kabi ekologik toza yoqilg‘ilarni ishlab chiqarishga qaratilayotgan e’tibor esa mamlakatning ushbu yo‘nalishdagi yetakchi pozisiyasini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.