June 3

Xitoyning robotlar boshqarayotgan “aqlli zavodi” bilan tanishuv

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJ delegatsiyasi Xitoyning Xanchjou shahrida joylashgan "SUPCON Technology" kompaniyasi ishlab chiqarish bazasida bo‘lishdi. Ushbu kompaniya butun dunyoga avtomatlashtirish va intellektual yechimlar sohasida yetakchilardan biri sifatida tanilgan.

Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari “SUPCON”ning zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, avtomatlashtirilgan tizimlari va sanoatni raqamlashtirishdagi ilg‘or yondashuvlari bilan tanishishdi.

Qayd etish joizki, kompaniya bazasi 69 ming kv metr maydonni egallagan bo‘lib, u yerda har bir jarayon to‘liq avtomatlashtirilgan. Kalibrlash, yig‘ish, logistika, hatto ombordagi yuk tashish ishlari avtonom robotlar tomonidan amalga oshiriladi.

“SUPCON” kompaniyasi ishlab chiqarishda zamonaviy avtomatlashtirilgan texnologiyalarni keng joriy etgan. Jarayonlar inson omilini minimal darajaga tushiradigan maxsus robotlashtirilgan liniyalar orqali amalga oshiriladi.

Delegatsiya a’zolariga harorat, bosim va oqimni yuksak aniqlikda o‘lchovchi intellektual datchiklar va asbob-uskunalar namoyish etildi.

Shuningdek, raqamli zavodlarni to‘liq boshqarishga xizmat qiluvchi “supOS” operasion tizimi ham havola etildi.

Tashrif davomida xavfli hududlarda ishlashga mo‘ljallangan inspektor robotlar, avtomatlashtirilgan laboratoriyalar va AI yordamida profilaktik xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini yaratadigan zamonaviy yechimlar namoyish etildi. Bu texnologiyalar xavfsizlik va samaradorlikni bir vaqtda ta’minlash imkonini beradi.

Tashrif davomida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar va kelgusida sanoat avtomatlashtirish, raqamli transformatsiya, xavfsizlikni ta’minlash sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.


"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati