“Oʻzbekneftgaz” toʻliq “yashil” energiya isteʼmoliga oʻtdi
“Oʻzbekneftgaz” AJ “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini amaliyotga joriy etishda yana bir muhim qadamni tashladi. Kompaniya oʻzining elektr energiyasi isteʼmolini qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan bogʻlash maqsadida 800 ming dona "I-REC"(E) xalqaro “yashil” energiya sertifikatini xarid qildi.
Oddiy qilib aytganda, bu sertifikatlar “Oʻzbekneftgaz” tomonidan isteʼmol qilingan elektr energiyasining Oʻzbekiston hududida ishlab chiqarilgan qayta tiklanuvchi manbalardan olinganini rasman tasdiqlaydi. Xarid qilingan 800 mingta sertifikat 800 million kVt·soat qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarilishiga teng.
Mazkur sertifikatlar qayta tiklanuvchi elektr energiyasiga taalluqli boʻlib, “Oʻzbekneftgaz” AJning “yashil” energiyadan foydalanish boʻyicha xalqaro eʼtirof etilgan mexanizmlarni joriy etish bilan bir qatorda, mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va ulardan foydalanishni ragʻbatlantirishga qoʻshadigan hissasini ham ifodalaydi.
Buning yana bir muhim jihati bor. sertifikatlarni hisobga olish natijasida 580,8 ming tonna CO₂ ekvivalentiga teng hajmda issiqxona gazlari tashlanmalari qisqartirildi.
“I-REC”(E) sertifikatlarining ahamiyati faqat ekologik koʻrsatkich bilan cheklanmaydi. Ular kompaniya isteʼmol qilayotgan elektr energiyasining kelib chiqishini hujjatlashtirish imkonini beradi. Bu esa xalqaro investorlar, xorijiy hamkorlar va reyting agentliklariga kompaniyaning "ESG" koʻrsatkichlari boʻyicha tekshirilgan va ishonchli maʼlumot taqdim etishda muhim vosita hisoblanadi.
Shu tariqa, ushbu sertifikat — kompaniyaning energiya isteʼmoli, ekologik masʼuliyati va xalqaro "ESG" talablariga moslashuvi amaliyotga koʻchganining anglatadi.