May 20

Gazli konlarida burgʻilash va qazib chiqarish ishlari tanqidiy oʻrganilmoqda

“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdugʻani Sanginov boshchiligidagi ishchi guruh Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Kulbeshkak” konida joylashgan 83-sonli ishlatish qudugʻida konlarda 2026-yilda izlov-qidiruv quduqlarini burgʻilash boʻyicha belgilangan chora-tadbirlar ijrosi, amalga oshirilayotgan geologiya va ishlab chiqarish ishlari holati bilan yaqindan tanishdi.

Shuningdek, masʼullar tomonidan olib borilayotgan ishlar, burgʻilash jarayonlari va quduqlarni ishga tushirish boʻyicha taqdimotlar qilindi.

Oʻrganishlar davomida Boshqaruv raisi tomonidan geologiya-qidiruv ishlarini tizimli tashkil etish, har bir quduq boʻyicha natijadorlikni oshirish, texnologik jarayonlarni qatʼiy nazorat qilish va ishlab chiqarishda uzilishlarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.

Xususan, quduqlarni burgʻilash va kapital taʼmirlash ishlari boʻyicha namunaviy loyiha ishlab chiqish taklifi ilgari surildi. Unda quduq turidan qatʼi nazar, ishlarni amalga oshirish muddatlari, texnik parametrlar, bosqichma-bosqich jarayonlar, zarur texnika va resurslar hamda kutilayotgan natijalar aniq belgilab qoʻyilishi zarurligi taʼkidlandi.

Qayd etilganidek, bunday yagona tizim asosida ishlash orqali ortiqcha vaqt yoʻqotish, tashkiliy uzilishlar va kechikishlarning oldini olish, shuningdek, har bir jarayon boʻyicha aniq masʼuliyat va nazorat mexanizmlarini shakllantirish mumkin boʻladi.

Shu bilan birga, ishchi-xodimlar uchun xavfsiz va munosib mehnat sharoitlarini taʼminlash, obyektlarda texnik va texnologik talablarga qatʼiy rioya qilish zarurligi alohida taʼkidlandi.

"Oʻzbekneftgaz" AJ Axborot xizmati