September 18

Bugungi geologiya qidiruv ishlari — ertangi zaxira: Seysmik qidiruvlar koʻlami 5,7 barobar oshdi

“Oʻzbekneftgaz” AJ yangi konlarni izlash, yer osti qatlamlarini chuqur oʻrganish va uglevodorod zaxiralarini koʻpaytirish maqsadida qidiruv ishlari koʻlamini sezilarli darajada kengaytirib, seysmik tadqiqotlarni yangi surʼatda olib bormoqda.

Joriy yilda geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish hamda uglevodorod xomashyo bazasini kengaytirish maqsadida seysmik qidiruv ishlarining yillik hajmi keskin oshirildi.

Yil oxiriga qadar 11 902 kvadrat kilometr 3D va 1 835 pogon kilometr 2D seysmik qidiruv ishlarini bajarish rejalashtirilgan. Bu tarmoq tarixidagi eng yirik yillik rejalardan biridir.

Yanvar–avgust oylaridagi natijalar bu yoʻnalishda ishlar surʼati sezilarli oshganini yaqqol koʻrsatdi.

Hisobot davrida 6 220 kvadrat kilometr maydonda 3D seysmik qidiruv ishlari bajarildi. Bu koʻrsatkich 2025-yilning mos davrida qayd etilgan 1 083 kvadrat kilometrga nisbatan qariyb 5,7 barobar koʻp.

3D va 2D seysmik tadqiqotlar natijasiga koʻra, sakkiz oyda jami 6 216 kvadrat kilometr maydonda va 317,3 pogon kilometr masofada ishlar amalga oshirildi.

Eʼtiborlisi, belgilangan reja 100,1 foizga bajarildi. Oʻtgan yilning shu davrida esa reja ijrosi 27,7 foizni tashkil etgan edi. Bu raqamlar seysmik qidiruv ishlari nafaqat hajm jihatidan, balki tashkiliy va texnologik jihatdan ham yangi bosqichga koʻtarilganini koʻrsatadi.

Geologiya qidiruv ishlari kengaymoqda

Seysmik tadqiqotlarning yuqori surʼati, avvalo, geologiya qidiruv ishlari olib borilayotgan yangi maydonlar kengayishida xizmat qilmoqda.

Yil boshidan 3 ta — “Jamboʻloq 3D”, “Niyoz 3D” va “Qorovulbozor 3D” loyihalarida ishlar olib borilgan boʻlsa, bugun faol loyihalar soni 8 taga yetdi. Bu loyihalar “Karaumbet 3D”, “Alambek 3D”, “Toshqoʻrgʻon–Dehqonobod 3D”, “Chembar 3D”, “Jamboʻloq 3D”, “Qorovulbozor 3D”, “Tagman 3D” va “Aktumsuk 2D” .

Ushbu loyihalar dala seysmik ishlari tugatildi va hozirda (“Alambek 3D” — 381 kvadrat kilometr, “Chembar 3D” — 1 500 kvadrat kilometr) dala seysmik ishlaridan olingan maʼlumotlar qayta ishlash va interpretatsiya bosqichiga oʻtkazildi.

Ayni paytda “Qorovulbozor 3D”, “Toshqoʻrgʻon–Dehqonobod 3D”, “Tagman 3D”, “Kogon 3D” va “Aktumsuk 2D” loyihalarida dala seysmik qidiruv ishlari davom etmoqda.

Yangi istiqbolli tuzilmalarni aniqlash maqsadida sentyabr oyi yakuniga qadar “Shohpaxta 3D” loyihasida dala tadqiqotlarini boshlash uchun tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. “Ravshan 3D” loyihasida seysmik qidiruv ishlari 15-sentyabrdan boshlandi.

Bugungi geologiya qidiruv ishlari — ertangi zaxira

Seysmik qidiruv yer osti qatlamlarining geologik tuzilishini oʻrganish, istiqbolli zonalarni belgilash va uglevodorodlar toʻplanishi ehtimoli boʻlgan yangi maydonlarni aniqlashdagi asosiy bosqichdir. U kelgusida geologiya-qidiruv ishlarini keng koʻlamda amalga oshirish uchun mustahkam asos yaratadi.

Shu maʼnoda, bugun bajarilayotgan geologik-geofizik tadqiqotlarning har bir kvadrat kilometri kelgusida yangi maydonlarda izlov-qidiruv quduqlarini burgʻilash, yangi uglevodorod konlarini ochish va ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish uchun zamin yaratadi.

Shu bois 2026 yil natijalarini shunchaki raqamlar majmui emas, balki uglevodorod resurs bazasini uzoq muddatda kengaytirishga qaratilgan strategik qadam sifatida baholash mumkin.

Eng muhimi, bu surʼatni kelgusi yilda ham saqlab qolish koʻzda tutilgan. 2027-yilda dala seysmik qidiruv ishlarini 2026 yildagi ish hajmiga nisbatan oʻsish surʼatini saqlagan holda amalga oshirish rejalashtirilgan.

Demak, geologiya-qidiruv ishlari koʻlami izchil kengaymoqda. Geologik maʼlumotlar bazasi boyib, toʻplangan maʼlumotlar raqamlashtirilmoqda, qayta ishlanmoqda va chuqur tahlil qilinmoqda. Natijada yangi istiqbolli maydonlarni aniqlash imkoniyatlari ortib bormoqda.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati va

“Neftgaz Injiniring” MCHJ hamkorligida tayyorlandi.