July 31

“O‘zbekneftgaz” AJ biznes hamjamiyati bilan strategik hamkorlikni mustahkamlamoqda

Bugun Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanida “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati tomonidan mahalliy tadbirkorlar, ishlab chiqarish sohasi va akademik doira vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Unda Boshqaruv raisi o‘rinbosari, departamentlar rahbarlari, Buxoro NQIZ rahbariyati, Davlat xaridlari agentligi vakillari, shuningdek sanoat korxonalari va yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir O‘zbekiston Prezidenti bilan biznes hamjamiyati o‘rtasida an’anaviy yillik uchrashuvga tayyorgarlik doirasida ochiq muloqot shaklida tashkil etildi.

Uchrashuvning asosiy yo‘nalishi mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan ishonchli va uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek mamlakat sanoat salohiyatini rivojlantirish uchun samarali qo‘shma yechimlarni izlashdan iborat bo‘ldi.

Ochiqlik ruhida o‘tgan muloqotda ishtirokchilar neft-gaz kompleksi obyektlarida kooperatsiya aloqalarini kengaytirish hamda mahalliy innovatsion ishlanmalarni joriy etish imkoniyatlarini muhokama qilishdi.

Biznes vakillari o‘z ishlab chiqarish imkoniyatlarini taqdim etdi, ish jarayonlarini optimallashtirish bo‘yicha takliflar bildirishdi hamda hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surishdi.

O‘z navbatida, “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati mahalliy hamkorlar uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratishga qiziqish bildirdi. Kompaniyaning o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirishga tayyorligi ta’kidlanib, jumladan tajriba-sanoat sinovlaridan o‘tish jarayonlarini soddalashtirish, xarid qilinadigan mahsulotlar bo‘yicha to‘liq shaffoflikni ta’minlovchi ochiq raqamli xizmatlarni joriy etish, shuningdek amaliy ilmiy tadqiqotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

“Buxoro NQIZ” PR-xizmati