Today

"Qarshi neft bazasi"da samarasiz boshqaruv — 2025-yil moliyaviy zarar bilan yakunlangan

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov boshchiligidagi ishchi guruh joriy o‘rganish ishlarini bugun “Qarshi neft bazasi”dan boshladi.

O‘rganishlar davomida neft bazaning bugungi holati qoniqarsiz ekani qayd etildi. Xususan, neft mahsulotlarini realizatsiya qilishda samarali va shaffof tizim yo‘lga qo‘yilmagani, korxona rahbariyati tomonidan boshqaruv va ichki nazorat mexanizmlari yetarli darajada ta’minlanmagani sababli qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.

Aniqlangan kamchiliklar natijasida neft baza 2025 yilni moliyaviy zarar bilan yakunlagan. Tahlillarga ko‘ra, korxonada xo‘jalik faoliyati to‘g‘ri tashkil etilmagan, xarajatlar topilgan daromadlarga mutanosib ravishda optimallashtirilmagan. Bu esa, neft bazaning moliyaviy holati yil sayin og‘irlashib borishiga olib kelgan.

Shuningdek, “Qarshi neft bazasi”da neft mahsulotlari zichligini (удельный вес) noto‘g‘ri qo‘llash oqibatida iste’molchilar manfaatlariga zarar yetkazilgan.

Yo‘l qo‘ygan tizimli kamchiliklar va boshqaruvdagi xatoliklar sabab “Qarshi neft bazasi” MCHJ direktori egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati