March 31, 2023

“O‘zbekneftgaz” AJ Respublika fond bozorida aksiyalarini birlamchi ommaviy joylashtirishga (IPO) tayyorlanmoqda

Ruscha

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 21 dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida 2023 yilda eng yirik kompaniya va tijorat banklarining aksiyalari aholi uchun ochiq va shaffof savdoga chiqarilishi aytib o‘tilgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 24 martdagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-102-sonli qaroriga muvofiq, 40 ta korxona, jumladan “O‘zbekneftgaz” AJ ham aksiya paketlari “bitta aksiya – bitta lot” tamoyili asosida mahalliy fond bozorida xalq IPOsini o‘tkazish tartibida ommaviy savdolar orqali xususiylashtiriladi.

Qarorga muvofiq “O‘zbekneftgaz” AJning 2 foizgacha aksiyalari savdoga chiqariladi va aholiga “E-auksion” elektron savdo platformasi, shu jumladan, mobil ilovasi orqali savdoda ishtirok etish imkoniyati yaratiladi.

Ayni paytda “O‘zbekneftgaz” AJ aksiyalarini mahalliy fond bozoriga joylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida IPO o‘tkazishga xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalarni (anderrayter, konsultant va boshqalar) jalb qilish ishlari boshlangan.

Jamiyatning imkoniyatini aholi va tadbirkorlar o‘rtasida targ‘ib qilish, jozibadorligini yoritib berish maqsadida ommaviy axborot vositalarida muntazam ma’lumotlar berib boriladi va respublikamizning har bir viloyatida “Road show” o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Aholi IPO bo‘yicha o‘tkazilayotgan tadbirlar to‘g‘risida doimiy ravishda “O‘zbekneftgaz” AJ rasmiy veb-sayti, ommaviy axborot vositalari va boshqa rasmiy manbalar orqali xabardor qilib boriladi.

Ma’lumot uchun: Bugungi kunda “O‘zbekneftgaz” AJ 50 dan ortiq ixtisoslashtirilgan tashkilotlarni, shu jumladan 13 ta qo‘shma korxona, uglevodorodlarni qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha 10 ta ishlab chiqarish quvvatlarini, shuningdek, bir qator muvofiqlashtiriladigan noishlab chiqarish va ilmiy–texnik bloklarni birlashtirgan zamonaviy vertikal integratsiyalashgan kompaniya hisoblanadi.

Hukumatning bu chorasi kompaniyalar faoliyatining shaffofligini oshirish, energetika sohasini liberallashtirish va ushbu sohaga xalqimizning sarmoyalarni jalb qilishni osonlashtirishga intilayotganining yorqin dalilidir. Bu nafaqat “O‘zbekneftgaz” AJga, balki butun mamlakat iqtisodiyotiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Jamiyatda o‘z faoliyatini kengaytirish va ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bo‘yicha ulkan rejalar bor. Bu esa katta kapital qo‘yilmalarni talab qiladi. Kompaniya kapital bozoriga kirib, keng doiradagi sarmoyadorlardan mablag‘ jalb qila oladi. Bu nafaqat loyihalarni moliyalashtirishga yordam beradi, balki aholiga O‘zbekistonning sanoat va energetika sohalarini rivojlantirishda ishtirok etib, daromad olish imkoniyatini ham beradi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

|web-sayt|facebook|instagram|telegram|