June 25, 2025

Yoshlar tashabbuslari tinglandi, takliflar o‘rtaga tashlandi

Ruscha

Yurtimizda yoshlarga qaratilgan e’tibor va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularga munosib sharoitlar yaratish borasida qator huquqiy va institusional islohotlar amalga oshirilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJda ham ushbu siyosatning amaliy ifodasi sifatida yosh kadrlar bilan tizimli ishlar olib borilmoqda. Kompaniya Yoshlar yetakchilari tashabbusi bilan tashkil etilgan navbatdagi ochiq muloqotda yosh mutaxassislarning fikr-mulohazalari tinglandi, tashabbus va takliflar muhokama qilindi.

Muloqot davomida rahbariyat tomonidan ta’kidlandiki, yoshlar neft va gaz sohasidagi innovatsiya, yangi bilim va energiya manbai sifatida sohaning barqaror rivojlanishi, raqobatbardoshligi hamda texnologik yangilanishida hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Shu sabab, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish – kompaniya siyosatida ustuvor yo‘nalish hisoblanadi.

Yosh mutaxassislarning bilim va salohiyatini mustahkamlash maqsadida xorijiy tillarni bilgan, ilmiy darajaga ega xodimlar uchun moddiy rag‘batlar joriy etilgan. Ta’lim va malaka oshirish uchun xorijiy davlatlarga xizmat safarlari uyushtirilmoqda. Ilg‘or tashabbuslar ko‘rsatgan yoshlar doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Tadbirda ishtirok etgan Boshqaruv raisining qazib chiqarish bo‘yicha o‘rinbosari bu sohada o‘zi bosib o‘tgan yo‘l, ish faoliyati haqida so‘z olib, fidoyilik va doimiy o‘z ustida ishlash muvaffaqiyat garovi ekanini alohida qayd etdi.

Yig‘ilishda shuningdek, yoshlar tashabbusi bilan qator yangi g‘oyalar ilgari surildi. Jumladan, yosh kadrlar zahirasini shakllantirish, yosh ayollar uchun alohida klublar tashkil etish, xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Bunday ochiq muloqotlar nafaqat yoshlarning qiziqish va tashabbuslarini tinglash, balki mavjud muammolarni rahbariyat darajasida muhokama qilish va ularga amaliy yechim topish uchun ham muhim maydon vazifasini o‘tamoqda.

Muloqot yakunida 30 iyun – “Yoshlar kuni” munosabati bilan faolligi va tashabbuskorligi bilan ajralib turgan bir guruh yosh mutaxassislarga Boshqaruv raisining “Tashakkurnoma”lari topshirildi.

Shu kuni yoshlar Davlat geologiya muzeyida bo‘lishib, geologiya va gidrogeologiya sohalari bo‘yicha bilimlarini boyitdi hamda madaniy xordiq chiqarish imkoniga ega bo‘ldilar.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati