Mahalliy korxonaning ichki imkoniyatlari o‘rganildi
“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan import qilinayotgan ayrim mahsulotlarni respublikada ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yish maqsadida mahalliy korxonalar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish ishlari davom ettirilmoqda.
Jamiyat mutaxassislaridan iborat ishchi guruh Toshkent viloyati Olmaliq shahrida joylashgan “Carbon-Polymer” MCHJ ishlab chiqarish bazasida bo‘lishdi.
Ishchi guruh korxonada o‘rnatilgan dastgoh va mexanik qurilmalar imkoniyatlari bilan tanishishdi. Korxonada sifat nazorati tizimiga alohida e’tibor qaratilayotgani va “ISO 9001:2015” standarti asosida ishlar olib borilishi alohida qayd etildi. Shuningdek, konstruktorlik bo‘limida yuqori malakali xodimlar tomonidan tayyolargan nostandart va noyob mahsulotlarni loyiha va chizmalari ko‘zdan kechirildi.
“Carbon-Polymer” MCHJning mas’ul vakillari bilan “O‘zbekneftgaz” AJ tarmoq korxonalarining ftoroplast, grafit, tekstolit va koprolandan tayyorlangan mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojlari hamda ularni birgalikda o‘zlashtirish imkoniyatlari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.
Tashrif yakunida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan importdan harid qilinayotgan metall quvurlar o‘rniga yuqori bosimga chidamli polimer quvurlarni “Carbon-Polymer” MCHJ bazasida ishlab chiqarish va tizim boshqarmalarida sanoat tajriba sinovlaridan o‘tkazishga kelishib olindi.
Ma’lumot uchun: “O‘zbekneftgaz” AJ va “Carbon-Polymer” MCHJ o‘rtasida jami 2,6 mlrd so‘mga 141 ta shartnoma imzolangan bo‘lib, mahsulotlar yetkazib berilgan. Shu jumladan, ftoroplast jgut va qistirmalar, grafit lentalar, kompozit xalqalar, elektr cho‘tkalar va boshqa mahsulotlar.