Loyiha boshqaruvi va qurilish bo‘yicha ilg‘or tajribalar o‘zlashtirildi
Mutaxassislar uchun Moskva shahrida joylashgan “LUKOYL-Injiniring” MCHJda “Neft-gaz ob’yektlarida loyihalashtirish metodlari va kapital qurilishni tashkil etish” mavzusida malaka oshirish dasturi tashkil etildi.
O‘quv dasturi doirasida loyihalarni boshqarishning integratsiyalashgan tizimi, yirik kapital loyihalarni amalga oshirishda tahlilga asoslangan qarorlar qabul qilish hamda investisiya loyihalarining samaradorligini oshirish bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi.
Shuningdek, tashkil etilgan amaliy mashg‘ulotlarda “HAZOP” va “HAZID” metodlarini qo‘llash, xavfli ishlab chiqarish ob’yektlarini loyihalash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish usullari, kapital loyihalar uchun korporativ axborot platformalari, standartlashtirilgan loyiha yechimlarini joriy etish, xarajatlarni rejalashtirish, monitoring qilish va nazoratni amalga oshirish masalalari keng yoritildi.
Ishtirokchilar shaxsiy samaradorlikni oshirish bo‘yicha ko‘nikmalarni ham takomillashtirish imkoniga ega bo‘lishdi. Shuningdek, qurilish jarayonlarini samarali boshqarish, ishga tushirish-sozlash ishlarini olib borish va ob’yektlarni foydalanishga topshirish jarayonlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Dasturning yakunlovchi qismida “LUKOYL-Injiniring” kompaniyasining biznes akselerator doirasida startaplarni joriy etish va qo‘llab-quvvatlash tizimi haqida ham ma’lumot taqdim etildi.