April 10

Muborak zavodi xodimlari uchun sayohat va davra suhbati oʻtkazildi

“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi tomonidan olib borilayotgan izchil islohotlar doirasida xodimlarning ijtimoiy faolligi va masʼuliyatini oshirishga qaratilgan qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda kasaba uyushmalari tomonidan ishchi-xodimlar uchun maʼnaviy-maʼrifiy sayohat tashkil etildi. Tadbir Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan oʻtkazilib, unda Muborak gazni qayta ishlash zavodi xodimlari ishtirok etdilar.

Sayohat davomida ishtirokchilar tarixiy obidalar va muzey eksponatlari bilan yaqindan tanishib, xalqimizning boy madaniy merosi, milliy qadriyatlari va koʻp asrlik tarixi haqida batafsil maʼlumotlarga ega boʻldilar.

Shuningdek, “Oʻzbekneftgaz” AJ Birlashgan kasaba uyushma qoʻmitasi raisi U. Gaziyev boshchiligida Muborak gazni qayta ishlash zavodi kasaba uyushma faollari ishtirokida ishchi-xodimlar bilan ochiq muloqot va davra suhbati tashkil etildi.

Muloqot davomida kasaba uyushmalarining xodimlar manfaatlarini himoya qilishdagi oʻrni, mehnat sharoitlarini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, jamoa shartnomasining mazmun-mohiyati keng tushuntirildi. Shu bilan birga, ishchi-xodimlar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javoblar berildi.

Mazkur tadbir xodimlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, jamoada birdamlik muhitini mustahkamlash, ichki turizmni qoʻllab-quvvatlash hamda jamiyatda amalga oshirilayotgan islohotlarga faol ishtirok etishga undashda muhim ahamiyat kasb etdi.

"Oʻzbekneftgaz" AJ Axborot xizmati