Today

AQSH kompaniyasi bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi

Poytaxtda bo‘lib o‘tayotgan “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2026” 28-xalqaro ko‘rgazma va konferensiyasi doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov AQSHning nufuzli “Baker Hughes” kompaniyasi vitse-prezidenti Yelena Vitalevna boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqotda tomonlar ko‘p yillik o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Xususan, gazturbina uskunalarini yetkazib berish, servis xizmatlarini ko‘rsatish va ishlab chiqarish jarayonlariga zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar qayd etildi.

Muzokaralar davomida kompressor infratuzilmasini rivojlantirish, gazturbina uskunalarini modernizatsiya qilish, ularning ishonchli va samarali ekspluatatsiyasini ta’minlash, shuningdek, raqamli texnologiyalar, masofaviy monitoring va diagnostika tizimlarini joriy etish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Abdug‘ani Sanginov “Baker Hughes” kompaniyasining neft-gaz sohasidagi ilg‘or texnologiyalari va xalqaro tajribasi “O‘zbekneftgaz” AJda amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlari uchun muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy ishlarni davom ettirishga kelishib oldilar.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati