June 13

Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi: Ishlab chiqarishdagi yangi loyihalar va istiqboldagi rejalar

Ruscha

Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.

Matbuot anjumanida korxonada olib borilayotgan modernizatsiya, raqamlashtirish, ekologik barqarorlik va inson resurslarini rivojlantirish borasidagi ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Majmua direktori Shuhrat Aslanov jurnalistlarga so‘nggi yillarda majmuada SAP ERP, Honeywell EPKS kabi xalqaro standartlarga mos raqamli tizimlar joriy etilgani natijasida nafaqat ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, balki xavfsizlik va shaffoflik ham ta’minlanganini ta’kidladi.

Zavodda HIMA (avariya holatlariga qarshi himoya va blokirovka) boshqaruv tizimi, Honeywell markazlashgan boshqaruv tizimi, bug‘ qozonlari, deminerallangan suv tayyorlash, azot-havo olish hamda plyonka ishlab chiqarish tizimlari modernizatsiya qilindi.

Hozirgi kunda kompressor, bug‘ turbinalari va generatorlarning boshqaruv tizimlari yangilanmoqda. Bu ishlar majmuaning ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

2024 yil yakunlariga ko‘ra, majmuada 4,2 milliard kub metr tabiiy gaz qayta ishlanib, 137, 6 ming tonna polietilen, 126, 2 ming tonna suyultirilgan gaz va boshqa qimmatbaho mahsulotlar ishlab chiqarilgani qayd etildi.

Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida so‘nggi yillarda keng ko‘lamli modernizatsiya, infratuzilma rivojlantirish, muqobil energiya joriy etish va mahalliylashtirish yo‘nalishlarida qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Xususan, ayni paytda “UzGTL”dan Sho‘rtan GKMga bug‘ va azot yetkazib beruvchi paroprovod qurilishi yakuniy bosqichda yetkazilgan.

Quvvati 5.3 MVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasi ishga tushirildi, majmuada yoritish va nasos tizimlari energiya tejamkor qurilmalarga almashtirildi.

Qarshi shahrida 8 mln dollarlik qo‘shma korxona bazasida kabel mahsuloti uchun kompaund ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Ta’lim klasteri asosida Majmua hamda Qarshi muhandislik va iqtisodiyot instituti bilan o‘zaro hamkorlikda "Gaz-kimyo va energetika" ilg‘or muhandislik maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu tashabbuslar nafaqat majmua ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, balki barqaror energiya, yuqori malakali kadrlar tayyorlash va mahalliy sanoatni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, jurnalistlarga 2030 yilgacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan yana 5 ta yirik loyiha haqida ma’lumot berildi.

Korxona rahbariyati ishtirokchilarning barcha savollariga javob berdi va kelgusida ham ochiq muloqotni davom ettirishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati