Ishlab chiqarish quvvatlari bilan yaqindan tanishildi
“Respublikada ishlab chiqarishni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror ijrosini ta’minlash doirasida tizim korxonalarida mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan sanoat kooperatsiyasi asosida import mahsulotlari o‘zlashtirilmoqda.
Xususan, “O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislaridan iborat ishchi guruh Toshkent shahrining Bektemir tumanida joylashgan “OIL TOOLS FACTORY” MCHJning ishlab chiqarish bazasida bo‘lishib, ishlab chiqarish quvvatlari bilan yaqindan tanishishdi. Shuningdek, Germaniya, Rossiya va Italiya davlatlaridan keltirilgan silliqlash, tokarlik, tozalovchi, parmalash va payvandlash dastgohlari va mexanik qurilmalarning imkoniyatlari o‘rganildi.
Muzokaralar davomida “OIL TOOLS FACTORY” MCHJ tomonidan “O‘zbekneftgaz” AJ ehtiyojlari uchun quyidagi ehtiyot qismlarni ishlab chiqarish va xizmatlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi:
– PDC markali dolotalarni ta’mirlash va qayta tiklash;
– Quduq tubi dvigatellarni (VZD) ta’mirlash va qayta tiklash;
– Burg‘ulash dolotalarga muhandislik va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha autsorsing xizmatini tashkil etish;
– PDC markali dolotalarni ishlab chiqarish.
“OIL TOOLS FACTORY” MCHJ tomonidan taklif etilayotgan ehtiyot qismlar va xizmatlarni “O‘zbekneftgaz” AJ boshqarma va korxonalarida tadbiq etish natijasida, burg‘ulash ishlarida qo‘llaniladigan butlovchi qismlarni ekspluatatsiya davrini uzaytirish, texnologik jarayonlardagi yo‘qotishlarni oldini olish, import hajmini 60 foizga qisqartirish hamda o‘rtacha 20 foiz iqtisodiy samardorlikka erishiladi.
Tashrif yakunida mahalliy korxona tomonidan taklif etilgan PDC dolotalarni sanoat tajriba sinovlaridan o‘tkazish, ta’mirtalab quduq tubi dvigatellari (VZD) bo‘yicha o‘rganishlar olib borish va ta’mirlash uchun namuna taqdim etish hamda yangi turdagi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘zlashtirish bo‘yicha kelishib olindi.