July 21

Buxoro neftni qayta ishlash zavodi modernizatsiyasida Belarus tajribasi

“Oʻzbekneftgaz” AJ hamda uning tasarrufidagi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi mutaxassislaridan iborat delegatsiya Belarus Respublikasidagi yirik neftni qayta ishlash korxonalaridan biri — “Naftan” OAJ faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Novopolosk shahrida joylashgan korxonaga tashrif davomida ishlab chiqarish obyektlarini koʻzdan kechirib, neftni qayta ishlashning zamonaviy texnologik jarayonlari, ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish, texnologik qurilmalarni ekspluatatsiya qilish hamda ishlab chiqarishni boshqarish boʻyicha ilgʻor tajribani oʻrgandi.

Muzokaralar chogʻida zavod rahbariyati tomonidan korxonaning tashkiliy tuzilmasi, modernizatsiya jarayonlari, ishlab chiqarish quvvatlari va mahsulot turlari yuzasidan taqdimot oʻtkazildi.

Oʻz navbatida, “Oʻzbekneftgaz” mutaxassislari Buxoro neftni qayta ishlash zavodida amalga oshirilayotgan modernizatsiya ishlari, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar hamda istiqbolli rejalar haqida maʼlumot berdilar.

Uchrashuvlar davomida neftni qayta ishlash sohasida ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish, texnik hamkorlikni kengaytirish hamda mutaxassislar oʻrtasida tajriba almashish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, xomashyo va neft mahsulotlarini yetkazib berish imkoniyatlarini oʻrganish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va kadrlar malakasini oshirish yoʻnalishlarida hamkorlikni davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Qayd etilganidek, mazkur tashrif ikki mamlakat neftni qayta ishlash korxonalari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, sohada ilgʻor texnologiyalar va zamonaviy boshqaruv tajribasini joriy etish uchun muhim zamin yaratadi. Safar davomida oʻrganilgan tajriba va innovatsion yondashuvlar Buxoro neftni qayta ishlash zavodida amalga oshirilayotgan modernizatsiya ishlari hamda ishlab chiqarish samaradorligini yanada oshirishda qoʻllanilishi rejalashtirilmoqda.

“Oʻzbekneftgaz” AJ Axborot xizmati