April 12, 2023

“O‘zbekneftgaz”: Joriy yilning I choragida eksport tarkibida polietilen va sanoat xizmatlari asosiy ulushni tashkil qildi

Ruscha

2023 yil yanvar-mart oylarida "O‘zbekneftgaz" AJ uchun belgilangan maqsadli eksport ko‘rsatkichlari prognozi 75,3 mln AQSH dollarini tashkil etib, amalda ushbu ko‘rsatkich 87,5 mln AQSH dollariga yetkazildi va belgilangan reja 116,3 foizga bajarildi.

Jamiyat eksporti tarkibida polietilen (51%) va sanoat xizmatlari (15%) asosiy ulushni tashkil qildi.

Shuningdek, ichki bozordan ortgan 24,0 ming tonna miqdoridagi “Uzbekistan GTL” zavodida ishlab chiqarilayotgan sintetik nafta mahsuloti eksportga yo‘naltirildi.

Ayni paytda “Uzbekistan GTL” zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan sintetik dizel mahsulotining eksport narxi 1 tonnasi uchun 747,1 AQSH dollarigacha pasaytirilib, doimiy ravishda O‘zbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi orqali savdolariga qo‘yib borilmoqda.

Bugungi kunda “O‘zbekneftgaz” AJ mahsulotlari dunyoning 18 ta davlatiga eksport qilinmoqda. Turkiya, Latviya, Afg‘oniston, BAA, Xitoy va Rossiya davlatlari “O‘zbekneftgaz” AJning asosiy eksport hamkorlari hisoblanadi.

Joriy yilning yanvar-aprel oylari yakuni bilan 128,1 mln AQSH dollari miqdoridagi mahsulot va xizmatlar eksport qilinishi va eksport maqsadli ko‘rsatkichlari 104,0 foizga bajarilishi kutilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

|web-sayt|instagram|telegram|