November 10

Universitetdagi islohot: professor-oʻqituvchilarning ilk guruhi Xitoyda malaka oshirdi

“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdugʻani Sanginov I.M. Gubkin nomidagi neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali rahbariyati va professor-oʻqituvchilari bilan uchrashuvda taʼlim muassasasini zamon talablariga javob beradigan, sohadagi ilgʻor bilim va texnologiyalarni oʻzlashtirgan mutaxassislar tayyorlaydigan maskanga aylantirish zarurligini taʼkidlagan edi. Buning uchun, eng avvalo, taʼlim mazmunini yangilash, oʻqituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish va nazariy bilimlarni ishlab chiqarish amaliyoti bilan uzviy bogʻlash muhim vazifa sifatida belgilandi.

Bugun ushbu yondashuvning dastlabki natijalari koʻzga tashlanmoqda. Joriy yilning 10–19-oktyabr kunlari filialning uch nafar professor-oʻqituvchisi Xitoy Xalq Respublikasida xalqaro kasbiy amaliyotda ishtirok etib, neft-gaz sanoatida qoʻllanilayotgan ilgʻor texnologiyalar va ishlab chiqarish tajribasini oʻrganib qaytishdi.

Amaliyot doirasida oʻqituvchilar Pekin hamda Chjanszyan shaharlaridagi “Sinopec” kompaniyasining neftni qayta ishlash korxonalarida boʻldilar. Ular uglevodorod xomashyosini qayta ishlashning zamonaviy texnologiyalari, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, raqamli boshqaruv tizimlari va energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan yechimlar bilan tanishdilar. Shuningdek, Szinchjou shahridagi “SJ PETROLEUM MACHINERY CO.” korxonasida kasbiy tayyorgarlikdan oʻtib, zamonaviy burgʻilash qurilmalari, ulardan foydalanish xususiyatlari, chuqur va oʻta chuqur quduqlarni burgʻilashda qoʻllaniladigan texnologik yechimlarni oʻrganishdi.

Muhimi, amaliyot nazariy bilim va maʼlumotlar bilan cheklanmadi. Ishtirokchilar belgilangan oʻquv dasturlarini muvaffaqiyatli oʻzlashtirib, egallagan bilim va kasbiy salohiyatlarini tasdiqlovchi xalqaro sertifikatlarga ham ega boʻldilar.

Albatta, bu tajribaning ahamiyati uch nafar oʻqituvchining malaka oshirishi bilangina cheklanmaydi. Xitoyning yetakchi korxonalarida oʻzlashtirilgan bilim va amaliy koʻnikmalarni filialdagi oʻquv jarayoniga tatbiq etish, maʼruza va amaliy mashgʻulotlar mazmunini boyitish, talabalarni zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari bilan yaqindan tanishtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Eng muhimi, bu jarayon taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, professor-oʻqituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda kelgusida sohaning yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashga xizmat qiladigan tizimli oʻzgarishlar uchun zamin yaratadi.

"Oʻzbekneftgaz" AJ Axborot xizmati