“O‘zbekneftgaz” AJ – beg‘araz donorlikni qo‘llab-quvvatlayotgan insonparvar jamoa
Butunjahon qon donorlari kuni munosabati bilan “Qon bering, umid bering: birgalikda biz hayotni saqlab qolamiz” shiori ostida o‘tkazilgan tadbir doirasida Respublika qon quyish markazi tomonidan “O‘zbekneftgaz” AJ jamoasiga tashakkurnoma topshirildi.
Unda jamiyatning aholi salomatligini muhofaza qilish, qon donorligini targ‘ib qilish va beg‘araz donorlik faoliyatini rivojlantirishdagi samarali hissasi alohida ta’kidlandi.
Qayd etish joizki, “O‘zbekneftgaz” AJ Yoshlar yetakchilari kengashi tashabbusi bilan jamiyatda muntazam ravishda “Madad bo‘l” shiori ostida donorlik aksiyalari tashkil etiladi.
Ushbu tashabbuslar nafaqat yordamga muhtoj bemorlarga umid bag‘ishlash, balki xodimlar orasida insonparvarlik, mehr-oqibat va jamiyatparvarlik kabi fazilatlarni targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi 3 yil mobaynida Jamiyat Markaziy apparatida faoliyat yurituvchi 810 nafar xodim ushbu aksiyalarda faol ishtirok etib, 365 litr qon topshirgan. Bu nafaqat mas’uliyatli fuqarolik pozisiyasini, balki bemorlar hayotini qadrlashga bo‘lgan amaliy yondashuvini ifodalaydi.