Mutaxassislar xorij kompaniyasida malaka oshirishdi
“O‘zbekneftgaz” AJning bir guruh mutaxassislari “Zarubejneft” AJning ishlab chiqarish obyektlarida tajriba almashishdi.
Dastlab, kompaniyaning bosh ofisida tarkibiy bo‘linmalar rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi. So‘ngra ishlab chiqarish va texnik yutuqlar, korporativ madaniyat, rivojlanish strategiyasi taqdimot qilindi.
Kompaniyaning ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini tezkor monitoring qilish markazi faoliyati bilan tanishildi. Ushbu tizim quduqlar fondining ishga yaroqliligi, burg‘ulash ishlari, neftni tayyorlash bosqichlari, obyektlarni videokuzatuvi hamda uskunalarni nazorat qilish imkonini beradi.
Shuningdek, geologiya va uglevodorod konlarini qazib olish yo‘nalishlari bo‘yicha ikki tomon mutaxassislari uchun dolzarb masalalar muhokama qilish uchun texnik sessiyalar o‘tkazildi.
Tajriba almashish maqsadida mutaxassislar “Xaryaga” konida ham bo‘lishdi. Ushbu kon shimoliy qutb doirasida joylashganligi sabab, iqlim sharoiti juda og‘ir. Kondan olinadigan neft yuqori qovushqoq va xona haroratida qotib qoladi, shuning uchun mahsulotni tayyorlash va tashishda isitish texnologiyalari ishlatiladi. Shuningdek, nasos-kompressor quvurlarida parafin qatlamlari paydo bo‘lishining oldini olish uchun patentlangan texnologiya, ikki liftli kompanovka qo‘llaniladi.
Xodimlar ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish va nazorat qilishni ta'minlash uchun korporativ madaniyatni rivojlantirish, mehnat sharoitlarini yaxshilash va faol xodimlarni aniqlash tizimlari keng joriy etilganiga guvoh bo‘lishdi. Ikki tomon o‘z taassurot va takliflari bilan o‘rtoqlashdilar.
Tashrif kun tartibi yakunida “O‘zbekneftgaz” va “Zarubejneft”ning “Xaryaga” neft qazib olish korxonasi mutaxassislari o‘rtasida voleybol bo‘yicha do‘stlik sport o‘yini tashkil etildi.