Ona tiliga ehtirom — savodxonlikdan boshlanadi
21-oktabr — Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan “Oʻzbekneftgaz” AJ tizim tashkilot va korxonalari xodimlari oʻrtasida umummilliy diktant tanlovi oʻtkazildi.
Maʼrifiy loyiha davlat tilining nufuzini oshirish, ish yuritish madaniyatini yuksaltirish va xodimlarning yozma savodxonligini mustahkamlashga qaratildi.
Dastlabki bosqichda jamiyat tizimidagi 38 ta tashkilotning mingdan ortiq ishchi-xodimi ishtirok etib, ona tiliga hurmati va savodxonlik darajasini namoyon qildi.
Tanlovning final bosqichi “Barkamol ishchi-xodimlar forumi” doirasida tashkil etildi. Unda tizim boshqarma va tashkilotlarining saralash bosqichlarida gʻolib boʻlgan xodimlar oʻzaro bellashdi.
Final bosqichini xolis va professional baholash maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi mutaxassislari taklif etildi.
Yakuniy natijalarga koʻra, 1-oʻringa I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti Toshkent filiali kabinet mudiri Ozoda Saipova,2-oʻringa Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi Koʻkalamzorlashtirish tarmogʻi xodimi Zilola Xalimova, 3-oʻringa — Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi referent-kotibi Shohida Ramazonova loyiq deb topildi.
Gʻoliblar “Oʻzbekneftgaz” AJning diplomlari va qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Bunday tadbirlar xodimlarning imlo va adabiy til meʼyorlariga rioya etish koʻnikmalarini mustahkamlab, davlat tilida ish yuritish madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, ular ona tiliga mehr va ehtiromni kundalik faoliyatda namoyon etishga undaydi.