November 7

Neft-gaz sohasida ekologik ustuvorlikni ta’minlashda ilmiy yechimlarning ahamiyati

Ruscha

Toshkent shahrida “Sanoatda kataliz va ekologik muammolar” Xalqaro ilmiy texnikaviy anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbir “O‘zbekneftgaz” AJ, O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy tadqiqot instituti hamda O‘zbekiston neft va gaz sanoatining ilmiy-muhandislik jamiyati hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirning asosiy maqsadi — atrof muhitni muhofaza qilish, energiya tejash va neft-gaz sohasida ekologik ustuvorlikni ta'minlash, shuningdek, ishlab chiqarish jarayonida katalizatorlar va katalizator texnologiyalarini qo‘llash orqali yuzaga kelayotgan muammolarni hal qilishdir.

Anjumanda 40 dan ortiq xorijiy olimlar va 50 dan ortiq mahalliy mutaxassislar qatnashdi. Ular neft-gaz, neft-gaz kimyosi, energetika va ekologiya sohalaridagi zamonaviy muammolar va ularning yechimlarini muhokama qilishdi. Katalizatorlar, ularning ishlab chiqarishdagi roli, shuningdek, ekologik ahamiyati haqida bir qancha taqdimotlar bo‘lib o‘tdi.

Katalizatorlar neft-gaz sanoatida juda muhim ahamiyatga ega. Ular yordamida, neftni qayta ishlash jarayonida katta energiya sarfi va atmosferaga chiqariladigan zararli moddalarning hajmini kamaytirishga erishish mumkin.

Tadbir doirasida neft-gaz majmualarida iqtisodiyot va ekologiya muammolari muhokama qilindi. Katalizatorlar yordamida chiqariladigan emissiyalari, qayta ishlash jarayonlari va energiya sarfini qisqartirishga qaratilgan so‘nggi tadqiqotlar ko‘rib chiqildi, yangi yo‘nalishlar ham muhokama qilindi.

Ushbu tadbir, fan va ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash va barqaror konsortsiumlarni shakllantirish uchun muhim platforma bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Anjuman, ayniqsa, sanoat va ekologik masalalarni birgalikda hal etishda ilmiy hamkorlikning ahamiyatini yana bir bor isbotladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook