3,5 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi muvaffaqiyatli ishga tushirildi
Bugun “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi Buxoro neftni qayta ishlash zavodida 3,5 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi ishga tushirildi.
Stansiya zavodga tutash hududdagi 3 gektar maydonga qurilgan. Yangi quyosh elektr stansiyasining ishga tushirilishi zavodda energiya sarfini kamaytirish, xom-ashyodan foydalanishni optimallashtirish va yuqori sifatli neft mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish imkonini beradi.
Quyosh elektr stansiyasining samarali ishlashi uchun ob’yektlarga tarmoq invertorlari o‘rnatildi, buning natijasida an’anaviy elektr tarmog‘i muqobil quvvat manbalariga almashtirildi.
Endilikda ushbu stansiyadan kunduz kuni zavod elektr energiyasining asosiy manbai sifatida foydalaniladi.
Qayd etish joizki, zavodni rivojlantirish strategiyasida “yashil” va energiya tejamkor texnologiyani yanada faol joriy etish ko‘zda tutilgan.