July 27

Sun’iy idrok yordamida nasos uskunalari ishonchliligi oshiriladi

"Oʻzbekneftgaz" AJda mahalliy IT-kompaniya “Suslin Operation Solutions” MCHJ tomonidan ishlab chiqilgan sun’iy idrok asosidagi dasturiy platforma taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Unda "Oʻzbekneftgaz" AJ markaziy apparati hamda tizim korxonalarining mas’ul mutaxassislari ishtirok etdi.

Bugungi kunda nasos agregatlarining uzluksiz va barqaror ishlashi neft-gaz qazib olish hamda qayta ishlash jarayonlarining samaradorligini ta’minlovchi muhim omillardan biridir. Uskunalarning kutilmagan nosozligi ishlab chiqarish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, qo‘shimcha xarajatlar va energiya sarfining ortishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Shu bois taqdim etilgan platforma sun’iy intellekt yordamida uskunalar holatini doimiy nazorat qilish va nosozliklarni oldindan aniqlash imkonini beradi.

Taqdimot davomida platformaning asosiy imkoniyatlari namoyish etildi. Xususan, nasoslarga o‘rnatiladigan aqlli sensorlar orqali vibratsiya, harorat va yuklama kabi texnik ko‘rsatkichlar real vaqt rejimida tahlil qilinadi.

Tizim uskunalardagi ehtimoliy nosozliklarni oldindan prognoz qilib, ularning avariyaviy to‘xtab qolishining oldini olishga yordam beradi. Shuningdek, texnik xizmat ko‘rsatish muddatlarini oldindan rejalashtirish, energiya sarfini optimallashtirish hamda barcha ma’lumotlarni yagona platformada qulay ko‘rinishda kuzatish imkoniyatini yaratadi.

Taqdimotda ushbu yechim mahalliy suv ta’minoti korxonalarida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgani va ijobiy natijalar bergani haqida ham ma’lumot berildi.

Muhokamalar yakunida tomonlar mazkur mahalliy dasturiy mahsulotni "Oʻzbekneftgaz" AJ tizim korxonalarida dastlab sinov tariqasida joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati