October 21

Investitsiya kompaniyalari va yevrobond egalari bilan samarali muloqot bo‘lib o‘tdi  

Ruscha

“O‘zbekneftgaz” AJ delegatsiyasining Londonga tashrifi doirasida investitsiya kompaniyalari va yevrobond egalari bilan ham uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda “BlueBay Asset Management”, “Vanguard”, “Ashmore Group”, “Aviva Investors”, “Pictet Asset Management”, “Aberdeen”, “AllianceBernstein”, “Amundi Pioneer”, “Candriam”, “Finisterre Capital”, “Marathon Asset Management”, “Mesarete Capital”, “ProMeritum Investment Management”, “T. Rowe Price”, “Man GLG” kabi yetakchi investitsiya kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Ma’lumot uchun: "O‘zbekneftgaz" AJ tomonidan 2021 yil noyabrda London fond birjasida qiymati 700 mln. AQSH dollarlik qimmatli qog‘ozlar (yevroobligatsiyalar) chiqarilgan va joylashtirilgan.

Investorlarga kompaniyaning transformatsiya islohotlarini amalga oshirishda erishilgan ijobiy natijalari, jumladan, xalqaro ESG standartlariga muvofiqlik, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, operatsion samaradorlikni yaxshilash, moliya va likvidlikni boshqarish, daromad manbalarini yanada diversifikatsiya qilish hamda davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Investorlar kompaniyaning transformatsiya loyihalari, shuningdek, karbon izini kamaytirish va dekarbonizatsiya choralariga alohida e’tibor qaratdilar. Yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan karbon dioksidni ushlab qolish loyihasi, barqaror sintetik aviayoqilg‘isi (SAF) va "ko‘k" dizel ishlab chiqarishni ta’minlash imkoniyatlari katta qiziqish uyg‘otdi.

Shuningdek tashqi savdo kompaniyasini yaratish va "O‘rta koridor" orqali Yevropa bozorlariga chiqish borasidagi hamkorlikka qiziqish bildirdilar.

Investorlar kompaniyaning o‘tgan yil davomida erishgan natijalarini yuqori baholadi. Jumladan Kompaniya burg‘ulash muddatini 30% ga qisqartirish orqali operatsion samaradorlikni sezilarli darajada yaxshiladi. 2024 yil 9 oyida ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish orqali 63,8 mln AQSH dollarlik iqtisodiy samaraga erishildi (yil oxiriga qadar 78 mln dollar iqtisodiy foyda prognoz qilingan). Joriy yilning iyulida 7 a’zodan iborat bo‘lgan Kuzatuv kengashi yangi tarkibi tasdiqlandi. Undan 2 a’zo mustaqildir, bu korporativ boshqaruvning shaffofligi va samaradorligini oshirishga qaratilgan qadam. "O‘zbekneftgaz" AJ jami daromadini 2,6 mlrd dollarga yetkazib, EBITDA ko‘rsatkichini 1,151 mlrd dollarga oshirishga erishdi.

Investorlar ochiq muloqotni qo‘llab-quvvatlash uchun bunday uchrashuvlarni muntazam o‘tkazish zarurligini ta’kidlashdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook