“Texnik kun” xalqaro konferensiyasi o‘tkaziladi
2024 yilning 13-15 mart kunlari poytaxtdagi Hilton mehmonxonasida “O‘zbekneftgaz” va Rossiya Federatsiyasining Neft va gaz texnologik tashabbuslari instituti (INTI) bilan hamkorlikda “Texnik kun” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tadi.
Unda neft-gaz, energetika va avtomatika sohasiga ixtisoslashgan yirik xorijiy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan geologik qidiruv, qayta ishlash uskunalari, logistika xizmatlarining ichki va tashqi bozorda xaridorgirligini oshirish bo‘yicha zamonaviy yechimlari borasida o‘zaro o‘rtoqlashiladi.
Shuningdek, tadbir davomida geologik qidiruv, burg‘ilash, qazib chiqarish, qayta ishlash, bosim ostida ishlovchi apparatlar, rotasion va nasos uskunalari, energetika, avtomatlashtirish, qurilish me’yorlari kabi 170 dan ortiq yo‘nalishlar bo‘yicha standartlar bo‘yicha taqdimotlar o‘tkaziladi.
Konferensiya doirasida tarmoq va sanoat korxonalari mutaxassislari uchun tashkil etiladigan sessiyalarda xalqaro standartlarni O‘zbekistonda tadbiq etish va ishlab chiqarish korxonalariga joriy qilish, qolaversa, xalqaro, davlatlararo, mintaqaviy va xorijiy mamlakatlar standartlarini qo‘llash tartiblarini o‘zaro muhokama qilish rejalashtirilgan.
Anjumanda energetika, neftgaz va avtomatika sohasidagi uskunalarni ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.